TOShKENT, 17 apr — Sputnik. Yangi o‘quv yilida 9-sinf bitiruvchilari ta’lim tili bir xil bo‘lgan uchtagacha akademik litseyning bittadan mos yo‘nalishini tanlash imkoniyati berilishi mumkin. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi ma’lum qildi.
Akademik litseylarga umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 9-sinf bitiruvchilarini tanlab olish, o‘qishga qabul qilish tartibi yangi qaror loyihasida belgilangan.
Vazirlar Mahkamasi tomonidan Normativ-huquqiy hujjatlarni muhokama qilish portaliga joylashtirilgan Akademik litseylarga o‘quvchilarni qabul qilish tartibini takomillashtirish to‘g‘risidagi qarori loyihasiga ko‘ra:
9️-sinf bitiruvchilari ro‘yxatdan o‘tishda uchtagacha akademik litseyning ta’lim tili bir xil bo‘lgan bittadan mos yo‘nalishini tanlash imkoniyati beriladi;
️abituriyent o‘zi tanlagan hududda (Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar markazi yoki Toshkent shahrida) tashkil etiladigan kirish test sinovlarida ishtirok etadi.
o‘qishga qabul qilishda xalqaro va respublika fan olimpiadalari g‘oliblari, xorijiy til sertifikati mavjud abituriyentlarga imtiyozlar beriladi;
Ushbu qaror loyihasi 2-mayga qadar muhokamada bo‘ladi.