Xitoy kompaniyasi vakillari Sirdaryoga keldi

Uchrashuvda tomonlar qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat sanoati, logistika, uy-joy va yo‘l qurilishi yo‘nalishlarida hamkorlik istiqbollarini muhokama qilishdi.
Sputnik
TOShKENT, 16 apr — Sputnik. Xitoyning “CITIC Construction” kompaniyasining qishloq xo‘jaligi boshqarmasi bosh direktori o‘rinbosari Vang Ibo boshchiligidagi ishchi guruh Sirdaryo viloyatiga tashrif buyurdi. Bu haqda viloyat hokimligining rasmiy veb saytida xabar berildi.
Ta’kidlanishicha, mehmonlar dastlab Xovos tumanidagi “Oziq-ovqat sanoat texnoparki” barpo etilishi rejalashtirilayotgan hududda bo‘lib, mavjud infratuzilma bilan tanishdi.
So‘ng delegatsiya a’zolarini viloyat hokimi Akmaljon Maxmudaliyev qabul qildi. Uchrashuvda tomonlar qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat sanoati, logistika, uy-joy va yo‘l qurilishi yo‘nalishlarida hamkorlik istiqbollarini muhokama qilishdi.
Muloqot chog‘ida viloyat rahbari Sirdaryoda zamonaviy issiqxona komplekslari va agrologistika markazlarini tashkil qilish, oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishda ilm-fan yutuqlari hamda zamonaviy texnologiyalarni joriy etishga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.
Delegatsiya rahbari Vang Ibo muhokama etilgan masalalarni amaliyotga tatbiq etish uchun bor imkoniyatlarini ishga solishga tayyorligini bildirdi.
Uchrashuv so‘ngida hamkorlikda amalga oshiriladigan loyihalar taklifini ishlab chiqish uchun muntazam va samarali muzokaralar o‘tkazib borishga kelishib olindi.
Eslatib o‘tamiz, 5-aprel kuni qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov “CITIC Construction” kompaniyasi boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari Yang Jiansan bilan videokonferensaloqa tarzida muloqot o‘tkazgan edi. Unda O‘zbekistonning Xitoydagi elchisi Farhod Arziyev, Sirdaryo viloyati hokimi Akmal Mahmudaliyev hamda vazirlik mas’ul xodimlari ishtirok etgandi.