TOShKENT, 16 apr — Sputnik. Fevral oyida Turkiya janubi-sharqida ro‘y bergan vayronkor zilzila qurbonlari uchun Rossiyadan gumanitar yordam ortilgan kema Turkiyaning Qora dengiz sohilidagi Unye portiga yetib keldi. Bu haqda “Anadolu” agentligi mahalliy hokimiyatga tayanib yozmoqda.
“Bortida Rossiyadan 184 tonna gumanitar yordam bo‘lgan "Evrim Group" konteyner kemasi Turkiyaning Qora dengiz sohilidagi Unye portiga yetib keldi. Sochidan kelgan kema fevral oyidagi dahshatli zilziladan zarar ko‘rganlar uchun oziq-ovqat yetkazib berdi”, — deyiladi agentlik xabarida.
6 fevral kuni Turkiya janubi-sharqidagi Qahramanmarash viloyatida 7,7 va 7,6 magnitudali zilzilalar to‘qqiz soatlik interval bilan sodir bo‘ldi. Yer silkinishlari mamlakatning 11 viloyati va qo‘shni davlatlar, jumladan Suriyada ham sezilgan. Turkiya rasmiylari zilzilani “asr falokati” deb atadi. Turkiya janubi-sharqida 6-fevral kuni sodir bo‘lgan zilzila qurbonlari soni 50,5 ming kishiga yetgan.