Samarqand — 2023

Toshkentga MDHning yoshlar poytaxti maqomini berish taklif etildi

Samarqandda o‘tayotgan Hamdo‘stlikning TIV rahbarlari yig‘ilishida Hamdo‘stlikning 2024-yilgi yoshlar poytaxti maqomini Toshkent shahriga berish taklif etildi.
Sputnik
SAMARQAND, 14 apr — Sputnik. Toshkentga 2024-yilda yoshlar poytaxti maqomini berish taklif etildi. Bu haqda Samarqandda o‘tayotgan Hamdo‘stlikning TIV rahbarlari yig‘ilishida ma’lum qilindi, deya xabar berdi Sputnik muxbiri.
Yig‘ilishda Hamdo‘stlik davlatlarining madaniy va yoshlar poytaxtlarini e’lon qilishga doir hujjatlar tasdiqlandi.

Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi bosh kotibi Sergey Lebedevning so‘zlariga ko‘ra, Hamdo‘stlikning 2024-yilgi yoshlar poytaxti maqomini Toshkent shahriga berish taklifi bildirilgan.

Ular Davlat rahbarlari kengashi va Hukumat rahbarlari kengashining navbatdagi yig‘ilishlariga ko‘rib chiqish uchun kiritildi.
Ma’lumot uchun, Samarqandda 14-aprel kuni Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Tashqi ishlar vazirlari kengashining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tmoqda. Unda O‘zbekiston, Ozarbayjon, Armaniston, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya, Tojikiston, Turkmaniston hamda MDH rahbariyati delegatsiyalari ishtirok etmoqda.
Kun tartibidan Hamdo‘stlik doirasidagi hamkorlikka doir 11 ta masala o‘rin olgan. Ular orasida dolzarb xalqaro va mintaqaviy muammolar, MDH formatida ko‘p qirrali hamkorlikni rivojlantirish, tashqi siyosatni muvofiqlashtirishni kuchaytirish bo‘yicha harakatlar dasturlari bor.
Undan tashqari, dunyodagi geosiyosiy vaziyatni hisobga olgan holda, Hamdo‘stlik davlatlari va uning chegaralari bo‘ylab xavfsizlik va huquq-tartibotni ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratish rejalashtirilgan.
Yig‘ilish yakunlari bo‘yicha huquqni muhofaza qilish, madaniy-gumanitar va ta’lim sohalarida tegishli qarorlar qabul qilinishi kutilmoqda. Xususan, Patris Lumumba nomidagi Rossiya Xalqlar do‘stligi universitetiga jurnalist kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlash bo‘yicha MDH tayanch tashkiloti maqomini berish rejalashtirilmoqda.
Vazirlar tomonidan ma’qullangan bir qator hujjatlar keyinchalik joriy yilning 8 iyunida MDH Hukumat rahbarlari kengashiga yoki 13-oktabrida bo‘lib o‘tadigan MDH Davlat rahbarlari kengashiga tasdiqlash uchun kiritiladi.