SAMARQAND, 14 apr — Sputnik. Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov va MDH bosh kotibi Sergey Lebedev Samarqandda MDH Tashqi ishlar vazirlari kengashining yig‘ilishida ishtirok etish uchun yetib kelishdi, deb xabar bermoqda Sputnik muxbiri.
Birozdan so‘ng Samarqanddagi Kongress-xollda O‘zbekiston, Ozarbayjon, Armaniston, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya, Tojikiston, Turkmaniston va MDH delegatsiyalari ishtirokidagi MDH Tashqi ishlar vazirlari kengashining majlisi boshlanadi.
Uchrashuv ishtirokchilari dolzarb xalqaro va mintaqaviy muammolar yuzasidan fikr almashishi, MDH formatidagi ko‘p qirrali hamkorlikni rivojlantirish istiqbollarini muhokama qilishi kutilmoqda.
Vazirlar MDH doirasidagi ko‘p bosqichli TIVlararo maslahatlashuvlar rejasi va 2022 yilda Hamdo‘stlik mamlakatlari tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasidagi sheriklikni faollashtirish bo‘yicha Harakatlar dasturini amalga oshirish yakunlarini sarhisob qilish niyatida.
Ular vujudga kelayotgan geosiyosiy vaziyatni hisobga olgan holda Hamdo‘stlik mamlakatlarida ham, uning chegaralari perimetri bo‘ylab ham xavfsizlik va huquq-tartibotni ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratishni rejalashtirgan.