Samarqand — 2023

Bugun MDH tashqi ishlar vazirlari qanday masalalarni muhokama qiladi — kun tartibi

Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadigan MDH Tashqi ishlar vazirlari kengashida O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Ozarbayjon, Turkmaniston, Armaniston, Belarus, Rossiya vakillari ishtirok etadi.
Sputnik
SAMARQAND, 14 apr — Sputnik. Bugun Samarqand shahrida O‘zbekiston, Ozarbayjon, Armaniston, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya, Tojikiston, Turkmaniston va MDH delegatsiyalari ishtirokida MDH Tashqi ishlar vazirlari kengashining majlisi bo‘lib o‘tadi.
Uchrashuv ishtirokchilari orasida O‘zbekiston va Rossiya tashqi ishlar vazirlari, MDH bosh kotibi Sergey Lebedev bor.
Kun tartibi loyihasida Hamdo‘stlik doirasidagi hamkorlikning keng ko‘lamli yo‘nalishlarini qamrab oluvchi 11 ta masala o‘rin olgan.
Uchrashuv ishtirokchilari dolzarb xalqaro va mintaqaviy muammolar yuzasidan fikr almashishi, MDH formatidagi ko‘p qirrali hamkorlikni rivojlantirish istiqbollarini muhokama qilishi kutilmoqda.
Vazirlar MDH doirasidagi ko‘p bosqichli TIVlararo maslahatlashuvlar rejasi va 2022-yilda Hamdo‘stlik mamlakatlari tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasidagi sheriklikni faollashtirish bo‘yicha Harakatlar dasturini amalga oshirish yakunlarini sarhisob qilish niyatida.
Ular vujudga kelayotgan geosiyosiy vaziyatni hisobga olgan holda Hamdo‘stlik mamlakatlarida ham, uning chegaralari perimetri bo‘ylab ham xavfsizlik va huquq-tartibotni ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratishni rejalashtirgan.
Kutilganidek, yig‘ilish yakunlari bo‘yicha huquqni muhofaza qilish, madaniy-gumanitar va ta’lim sohalarida tegishli qarorlar qabul qilinadi. Xususan, Rossiya Xalqlar do‘stligi universitetiga jurnalist kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlash bo‘yicha MDH tayanch tashkiloti maqomini berish rejalashtirilmoqda.
Yig‘ilish ishtirokchilari tomonidan ma’qullangan bir qator hujjatlar keyinchalik MDH Hukumat rahbarlari kengashining 8-iyundagi yoki MDH Davlat rahbarlari kengashining joriy yil 13-oktabrdagi majlisiga tasdiqlash uchun kiritiladi.