SAMARQAND, 14 apr — Sputnik. Rossiya hamkorlariga bosim o‘tkazayotgan, ularni Moskva bilan hamkorlikdan voz kechishga majburlayotgan G‘arbning bezbetligi barcha chegaralardan oshib ketmoqda. Bu haqda Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov ma’lum qildi.
“G‘arb vakillarining bezbetligi, Yevropa Ittifoqi delegatlaridan tashqari, sanksiyalar muammolari uchun mas’ul bo‘lgan amerikaliklar ham bu yerga kelishmoqda – bu bezbetlik, albatta, barcha chegaralardan oshib ketmoqda. Bunday bosim, tahdidlarga duchor bo‘layotgan davlatlar mustaqilligiga mutlaqo hurmatsizlik sifatida qabul qilinmoqda”, - dedi Lavrov Samarqandda bo‘lib o‘tgan MDH Tashqi ishlar vazirlari kengashining yig‘ilishi yakunlari bo‘yicha o‘tkazilgan matbuot anjumanida.
Ma’lumot uchun, bugun Samarqandda O‘zbekiston, Ozarbayjon, Armaniston, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya, Tojikiston, Turkmaniston hamda MDH rahbariyati delegatsiyalari ishtirokida Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Tashqi ishlar vazirlari kengashining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi.
Majlis kun tartibidan MDH formatida ko‘p qirrali hamkorlikni rivojlantirish, tashqi siyosatni o‘zaro muvofiqlashtirish, Hamdo‘stlik davlatlari va uning chegaralari bo‘ylab xavfsizlikni ta’minlash masalalari o‘rin oldi. Yig‘ilish yakunlari bo‘yicha tegishli qaror, dastur va shartnomalar imzolandi.