SAMARQAND, 14 apr — Sputnik. Samarqandda O‘zbekiston, Ozarbayjon, Armaniston, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya, Tojikiston, Turkmaniston va MDH delegatsiyalari ishtirokida MDH Tashqi ishlar vazirlari kengashining majlisi bo‘lib o‘tmoqda, deb xabar bermoqda Sputnik muxbiri.
Unda O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri v.b. Baxtiyor Saidov yig‘ilish ishtirokchilariga murojaat qilib, O‘zbekiston prezidentining tabrik so‘zlarini yetkazdi.
Baxtiyor Saidov o‘zining kirish so‘zida mazkur yig‘ilish ishtirokchilari oldida turgan katta vazifalarga to‘xtalib o‘tdi. Shuningdek, u belgilangan maqsadlarga erishish uchun sa’y-harakatlarni birlashtirish muhimligini ta’kidladi.
“Bizning uchrashuvimiz MDH doirasida 2023-yilda o‘tkazilishi rejalashtirilgan muhim tadbirlar dasturini ochadi, ular juda voqealarga boy bo‘ladi. Oldimizda katta vazifalar turibdi, sa’y-harakatlarimizni yanada birlashtirib, o‘z oldimizga qo‘ygan maqsadlarga erishamiz”, — dedi Saidov.
Eslatib o‘tamiz, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Tashqi ishlar vazirlari kengashi majlisida Hamdo‘stlik mamlakatlari tashqi ishlar idoralari vakillari, shuningdek, MDH Ijroiya qo‘mitasi bosh kotibi ishtirok etmoqda.
Sammit kun tartibiga Hamdo‘stlik makonidagi o‘zaro hamkorlikning turli yo‘nalishlari bo‘yicha o‘nga yaqin masala kiritilgan.
Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi SSSR parchalanganidan so‘ng 1991-yil dekabrida tashkil topgan. Hamdo‘stlikning asoschilari Rossiya, Belarus va Ukraina edi. Xalqaro uyushmaga Ozarbayjon, Armaniston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Moldova, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston ham kiradi.
2023 yilda MDHga Qirg‘iziston raislik qiladi.