TOShKENT, 13 apr — Sputnik. 15-17 aprel kunlari O‘zbekiston hududiga sovuq va nam havo massalari kirib keladi, deb ogohlantirdi O‘zgidromet.
15 aprel kuni respublika hududida, 16-aprel kuni Toshkent viloyati va Farg‘ona vodiysi viloyatlarida ba’zi joylarda yomg‘ir yog‘adi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin, ayrim joylarda do‘l yog‘ishi mumkin.
15-17 aprel kunlari respublika hududi bo‘yicha ba’zi joylarda shamol tezligi 17-22 m/s gacha kuchayishi, ayrim joylarda chang-to‘zon bilan kuzatilishi kutilmoqda. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Buxoro, Navoiy, Farg‘ona viloyatlarida 25-28 m/s gacha kuchayishi mumkin.
17 aprel kuni havo harorati kechasi +2...+7 daraja, kunduzi +10...+15 darajagacha pasayadi. 16-17 aprel kunlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm viloyati va Navoiy viloyati shimolida harorat 0...+5 daraja, ba’zi joylarda -1...-3 darajagacha bo‘lishi mumkin, kunduz kunlari +7...+12 darajagacha pasayadi.
15-17 aprel kunlari respublikaning tog‘oldi va tog‘li hududlarida yog‘ingarchilik (yomg‘ir yog‘adi, baland tog‘larda qorga aylanadi) bo‘ladi, sel-suv toshqin hodisalari yuzaga kelishi mumkin.
Bunday hududlarda yashovchi fuqarolar, dam oluvchilar va haydovchilardan ehtiyot choralariga rioya etish so‘ralgan.