TOShKENT, 13 apr — Sputnik. Soliq qo‘mitasi kartadan kartaga pul o‘tkazmalari uchun soliq joriy etilishi haqidagi xabarni rad etdi.
Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda kartadan kartaga (p2p) pul o‘tkazmalari uchun soliq joriy etilgani haqida xabarlar tarqalgandi.
Qo‘mita xabarida yozilishicha, jismoniy shaxslarning boshqa jismoniy shaxsdan meros yoki hadya tartibida, shuningdek, tekinga olgan pul shaklidagi daromadlari soliqqa tortilmaydi.
Ya’ni bir jismoniy shaxsdan boshqa jismoniy shaxsga pul o‘tkazish (P2P) operatsiyalari soliqqa tortilmaydi.
Eslatib o‘tamiz, 2023-yil 1-maydan boshlab O‘zbekistondagi to‘lov tashkilotlari jismoniy shaxslar o‘rtasida pul o‘tkazmalarini amalga oshirishda (p2p o‘tkazmalari) xizmat ko‘rsatish uchun elektron hisob-varaqalarni (ESF) rasmiylashtirishi va taqdim etishi belgilangan.