Samarqand — 2023

Infratuzilma loyihalar Afg‘oniston tinch kelajagi poydevoriga aylanishi mumkin — Saidov

Baxtiyor Saidov Afg‘onistonda uzoq muddatli tinchlik bo‘lishi uchun qanday loyihalarni amalga oshirish muhim ekanini aytib o‘tdi.
Sputnik
SAMARQAND, 13 apr — Sputnik. Afg‘onistonga nafaqat insonparvarlik yordami, balkim yirik iqtisodiy loyihalar ham kerak, dedi O‘zbekiston tashqi ishlar v.b. Baxtiyor Saidov Samarqandda bo‘lib o‘tayotgan Afg‘onistonga qo‘shni mamlakatlar vazirlari anjumanida. Sputnik muxbiri xabariga asosan.

"Afg‘oniston xalqi uchun nafaqat insonparvarlik yordami, balki uning tinch kelajagi poydevoriga aylanuvchi iqtisodiy infratuzilma loyihalarini ilgari surish muhim. Buning uchun dunyo mamlakatlarining ushbu yo‘nalishda o‘zaro kelishilgan qadamlarini ishlab chiqish muhim ahamiyatga ega", — dedi Saidov.

Shuningdek O‘zbekiston TIV rahbari Afg‘onistondagi vaziyat og‘irligicha qolayotganini ta’kidlab, Samarqandda bo‘lib o‘tayotgan ushbu anjuman muhim ahamiyat kasb etishini aytib o‘tdi.
"Ishonchimiz komilki, afg‘on masalasi bo‘yicha maslahatlashuv formatimiz bugungi kunda eng amaliy va talabga ega formatlardan biridir. Bu birgalikdagi yondashuvlar va harakatlarni rivojlantirishga yordam beradi", - dedi Saidov.
Ma’lumot uchun, 13-aprel kuni Samarqandda Afg‘onistonga qo‘shni davlatlar tashqi ishlar vazirlarining uchrashuvi bo‘lib o‘tmoqda. Yig‘ilishda O‘zbekiston, Rossiya, Eron, Xitoy, Pokiston, Tojikiston va Turkmaniston tashqi ishlar vazirliklari rahbarlari ishtirok etmoqda. Afg‘oniston muvaqqat hukumati tashqi ishlar vaziri v.b. Amir Xon Muttaqi ham Samarqandga kelgan, lekin u faqat TIV rahbarlari bilan alohida uchrashuvlarda ishtirok etishi rejalashtirilgan.
Tadbirda qo‘shni davlatlar afg‘on muammosi bo‘yicha o‘z pozitsiyalarini solishtirishi, Afg‘onistonda gumanitar vaziyatni yaxshilash va mintaqaviy infratuzilma loyihalarini rag‘batlantirish bo‘yicha sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirish, terrorchilik va narkotik moddalarning noqonuniy aylanishiga qarshi kurash masalalariga alohida e’tibor qaratiladi.
Kun tartibiga, shuningdek, Afg‘onistonda inson huquqlarini hurmat qilish va mamlakatning barcha etnik va siyosiy kuchlari manfaatlarini aks ettiruvchi inklyuziv hukumat yaratish orqali umumafg‘on ichki yarashuv jarayonini davom ettirish masalalari ham kiritilgan.
Bu Afg‘oniston bo‘yicha vazirlarning to‘rtinchi uchrashuvidir. Ushbu formatdagi birinchi uchrashuvi 2021-yil sentabr oyida videokonferensiya formatida, ikkinchisi – 2021-yil oktabr oyida Tehronda, uchinchisi – 2022-yilning mart oyida Xitoyning Tunsi shahrida bo‘lib o‘tgan edi.