SAMARQAND, 13 apr — Sputnik. Afg‘oniston muvaqqat hukumatidagi tashqi ishlar vaziri Amir Xon Muttaqiy Afg‘onistonga qo‘shni davlatlar vazirlarining to‘rtinchi konferensiyasida ishtirok etadi. Bu haqda Afg‘oniston muvaqqat hukumatidagi tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi o‘rinbosari Hofiz Ziyo Ahmad ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, Afg‘oniston tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Amir Xon Muttaqiy boshchiligidagi delegatsiya Afg‘onistonga qo‘shni davlatlar tashqi ishlar vazirlari yig‘ilishida ishtirok etish uchun O‘zbekistonga tashrif buyurdi.
Bugun Samarqandda Afg‘onistonga qo‘shni davlatlar va Rossiya tashqi ishlar vazirlari yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda. Tadbirda O‘zbekiston, Rossiya, Eron, Xitoy, Pokiston, Tojikiston va Turkmaniston vakillari ishtirok etishi aytilgan edi.
Uchrashuvda ishtirokchi davlatlar afg‘on masalasi bo‘yicha pozitsiyalarini kelishtirishni rejalashtirishgan. Xavfsizlik, terrorizm va Afg‘oniston hududidan narkotik moddalarning noqonuniy aylanishi tahdidlariga qarshi kurashish masalalariga alohida e’tibor qaratiladi.
O‘zbekiston TIV matbuot xizmatining ta’kidlashicha, kun tartibiga inson huquqlariga rioya qilish va mamlakatning asosiy etnik-siyosiy kuchlari manfaatlarini aks ettiruvchi inklyuziv hukumatni yaratish orqali Afg‘oniston ichidagi sulh jarayonini davom ettirish masalalari ham kiritiladi.
Uchrashuv Afg‘onistondagi gumanitar vaziyatni yaxshilash va Afg‘oniston iqtisodiyotini tiklash, jumladan, mintaqaviy infratuzilma loyihalarini rag‘batlantirish orqali sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirish imkonini beradi.
Bu Afg‘oniston bo‘yicha vazirlarning to‘rtinchi uchrashuvidir. Afg‘onistonga qo‘shni davlatlar tashqi ishlar vazirlarining birinchi uchrashuvi 2021-yil sentabr oyida videokonferensiya formatida, ikkinchisi – 2021-yil oktabr oyida Tehronda, uchinchisi – 2022-yilning mart oyida Xitoyning sharqiy Anxuy provinsiyasidagi Tunsi shahrida bo‘lib o‘tgan.