TOShKENT, 12 apr — Sputnik. Xorijlik talabalar Surxondaryoning boy madaniy merosi bilan tanishtirildi. Bu haqda Madaniyat va turizm vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Vazirlik hamda uning hududiy boshqarmalari tomonidan respublikadagi turistik kompaniyalar bilan hamkorlikda “Mahalla”, “Yoshlar” “Nuroniylar”, “Xotin-qizlar”, “Oilaviy sayohatlar” va “Mehnat” jamoalarining respublikaning diqqatga sazovor joylariga sayohatlari tashkil etib kelinmoqda.
Jumladan, “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universitetida tahsil olayotgan bir guruh xorijlik talabalarni O‘zbekistonning boy madaniy merosi bilan tanishtirish maqsadida Surxondaryo viloyatiga sayohat tashkil etildi.
Talabalar sayohat davomida Termiz shahridagi qadimgi buddaviylar ehromlari, Baqtriya va Kushon podshohligiga mansub qal’alar, o‘rta asrlarga oid tarixiy obidalar hamda masjidlar bilan tanishtirildi. Shuningdek, Surxandaryo viloyatining betakror tabiatini ko‘rish maqsadida Denov shahridagi Sangardak sharsharasiga ham sayohat qilindi.