TOShKENT, 12 apr — Sputnik. Xitoy yana bir bor AQShni boshqa mamlakatlardagi harbiy-biologik faoliyatiga oydinlik kiritishga chaqiradi. Bu haqda Xitoy TIV vakili Van Venbin ma’lum qildi, deya xabar berdi RIA Novosti.
Avvalroq Rossiya Federatsiya Kengashi chorshanba kungi yig‘ilishda AQShning Ukrainadagi biologik laboratoriyalari faoliyatini tekshirish bo‘yicha parlament komissiyasining hisobotini bir ovozdan ma’qullagan edi, hujjat allaqachon Davlat dumasi tomonidan qo‘llab-quvvatlangan.
Komissiya o‘z ishini bir yil avval boshlagan, 22-mart kuni yakuniy hisobot tasdiqlangan.
"Biz yana bir bor Qo‘shma Shtatlar o‘zining xalqaro majburiyatlarini sodiqlik bilan bajarishini, o‘zining mamlakat ichidagi va xorijdagi barcha harbiy-biologik faoliyati yuzasidan atroflicha tushuntirish berishini talab qilamiz”, - dedi diplomat.
Komissiya hamraisi, Federatsiya kengashi vitse-spikeri Konstantin Kosachovning so‘zlariga ko‘ra, hozirda Ukrainada AQShning kamida 30 ta biologik laboratoriyasi saqlanib qolgan.
Senatorning qayd etishicha, bunday tadqiqotlarning asosiy buyurtmachisi aslida Pentagon bo‘lib, bu biorivojlanishning harbiy xususiyatidan dalolat berishi mumkin. Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukrainada AQSh biologik laboratoriyalarining joylashtirilishi amerikaliklarning o‘z harbiy kuchlarini Rossiyaga qarshi qo‘llash bo‘yicha ehtimoliy rejalaridan darak beradi.