TOShKENT, 12 apr — Sputnik. Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi (MDH) bosh kotibi Sergey Lebedev boshchiligidagi MDH kuzatuvchilari missiyasi O‘zbekistonga tashrif buyurdi. Bu haqda Markaziy saylov komissiyasi matbuot xizmati Sputnik muxbiriga ma’lum qildi.
Markaziy saylov komisiyasi raisi Zayniddin Nizomxo‘jayev referendumni kuzatish bo‘yicha MDH kuzatuvchilari missiyasi rahbari Sergey Lebedev bilan uchrashdi.
Qayd etilishicha, uchrashuvda 30-aprel kuni o‘tkaziladigan referendum tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish qonunchilik talablari va demokratik prinsiplarga muvofiq amalga oshirilayotgani ma’lum qilindi.
Shuningdek, missiya rahbari referendum jarayonlarini kuzatish bo‘yicha MDH kuzatuvchilari missiyasi a’zolari tarkibi, kuzatuvchilarning mamlakatda faoliyat olib borish tartibi bo‘yicha ma’lumotlar berib o‘tdi.
Ta’kidlanishicha, missiyasi tarkibi MDHga a’zo davlatlarning qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va saylov organlari, shuningdek, MDH hududida faoliyat yurituvchi Hamdo‘stlik organlari va integratsiya birlashmalari vakillaridan iborat tashkil topdi. MDH kuzatuvchilari missiyasi tomonidan referendum milliy qonunchiligiga va O‘zbekistonning xalqaro majburiyatlariga muvofiqligi to‘g‘risida bayonot tayyorlanadi.
MDH kuzatuvchilari missiyasi O‘zbekistonga tashrifi mobaynida respublikaning bir qator referendum uchastkalarida bo‘lib, referendum yuzasidan o‘zining tegishli xulosalari va tavsiyalarini berishni rejalashtirgan.