SAMARQAND, 12 apr — Sputnik. Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Samarqandga yetib keldi, deb xabar qilmoqda Sputnik muxbiri.
Sergey Lavrov 13-aprel kuni Samarqandda bo‘lib o‘tadigan Afg‘onistonga qo‘shni davlatlar va Rossiya vazirlarining to‘rtinchi anjumanida ishtirok etadi.
Tadbirda Afg‘oniston yo‘nalishi bo‘yicha ishtirokchi davlatlarning pozitsiyalarini kelishish rejalashtirilgan. Afg‘onistonda terrorchilik faoliyati kuchayganini hisobga olgan holda, xavfsizlik masalalariga, terrorizmning tarqalish tahdidlariga va ushbu davlat hududidan kelayotgan narkotik moddalarning noqonuniy aylanishiga qarshi kurashishga alohida e’tibor qaratiladi.
Afg‘oniston qo‘shnichilik konferensiyasi formati 2021-yil sentabrida Pokiston, Eron, Xitoy, Tojikiston, O‘zbekiston va Turkmaniston ishtirokida tuzilgan. Rossiya Federatsiyasi unga 2021-yil oktabr oyida Tehronda bo‘lib o‘tgan ikkinchi yig‘ilishdan qo‘shildi.
Shuningdek, Rossiya tashqi ishlar vaziri 14-aprel kuni O‘zbekiston, Ozarbayjon, Armaniston, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston Respublikasi tashqi ishlar vazirlari ishtirokida bo‘lib o‘tadigan MDH TIVK kengashida ham ishtirok etishi kutilmoqda.
Undan tashqari 14-aprel kuni Samarqandda Markaziy Osiyo davlatlari va Rossiya tashqi ishlar vazirlarining oltinchi uchrashuvi ham bo‘lib o‘tadi.