TOShKENT, 12 apr — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 12-aprel kuni bo‘lib o‘tgan tantanali marosimda besh mamlakat elchilaridan ishonch yorliqlarini qabul qilib oldi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi.
Falastindan Javad Avvad, Yaponiyadan Xatori Takashi, Qatardan Hasan Hamza Hoshim, Slovakiyadan Viktor Boreski va Pokistondan Ahmad Farukning ishonch yorliqlari qabul qilib olindi.
Davlat rahbari O‘zbekistonga yangi tayinlangan diplomatik missiyalar rahbarlarini samimiy qutlab, ularni faoliyatini boshlagani bilan tabrikladi.
Prezident o‘z nutqida ochiq va pragmatik tashqi siyosatni amalga oshirayotgan Yangi O‘zbekiston xalqaro maydonda yangi marralarga erishayotgani, do‘stlar va ishonchli hamkorlar safini kengaytirayotganini ta’kidladi. Yaqinda O‘zbekistonning Shvetsiya va Vengriyada elchixonalari ochildi, Toshkentda Qatar Davlatining diplomatik missiyasi o‘z ishini boshladi.
Mirziyoyev Konstitutsiyaning yangi tahririni tayyorlash doirasida keng jamoatchilik muhokamasi o‘tkazilgani, tajribali mutaxassis va olimlar, xorijiy hamkorlar, ixtisoslashgan xalqaro institutlar va tahliliy markazlarning takliflari hisobga olinganini qayd etdi.
Qayd etilishicha, O‘zbekiston yetakchi xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar, global moliyaviy institutlar bilan sheriklikni mustahkamlamoqda, Turkiy davlatlar tashkilotida samarali raislikni amalga oshirmoqda va joriy yilda ilk bor Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti sammitini qabul qilmoqda. O‘ndan ziyod yirik xalqaro tadbirlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
“Xalqaro hamjamiyat uchun yanada ochiq va samimiy hamkor bo‘lishga astoydil intilamiz. Buning uchun bizda siyosiy iroda, qat’iyat, eng muhimi, imkoniyat va yetarli salohiyat bor”, - dedi prezident.
Tadbir doirasida har bir elchi bilan qisqa suhbat bo‘lib o‘tdi. Chet ellik diplomatlar ular vakillik qilayotgan mamlakatlar yetakchilarining O‘zbekiston rahbari va xalqiga samimiy salomi va ehtiromini yetkazdi.