Markaziy bank kartadan pul jo‘natmasini bekor qilish uchun Telegram-bot borligini rad etdi

Fuqarolarga Markaziy bank nomidan karta tranzaksiyalarini bekor qilish uchun Telegram-bot’ga o‘tish kerakligi haqida xabar kelmoqda.
Sputnik
TOShKENT, 12 apr — Sputnik. O‘zbekiston Markaziy banki fuqarolarni karta tranzaksiyalarini bekor qilishga oid firibgarlardan ehtiyot bo‘lishga chaqirdi.
Qayd etilishicha, shu kunlarda ayrim fuqarolarga go‘yoki kartadagi mablag‘lar firibgarlik yo‘li bilan yechilishining oldini olish maqsadida karta tranzaksiyalarini bekor qilish uchun Telegram-bot’ga kirish kerakligi haqida xabar kelmoqda. Bunday xabarlarni “Markaziy Bank Uzbekistan” nomli foydalanuvchi jo‘natmoqda.
Fuqarolarga kelayotgan feyk xabar
Markaziy bank mazkur xabar va bot O‘zbekiston Markaziy bankiga hech qanday aloqasi yo‘qligini ma’lum qildi.
“Fuqarolardan ushbu xabarlarga e’tibor bermaslik va hech qanday havolaga kirmaslik so‘raladi. Faqat rasmiy manbalarga tayanish tavsiya etiladi”, — deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Sputnik muxbiri IIV Kiberxavfsizlik markazi boshlig‘i bilan firibgarlar chuv tushirish uchun qanday usullardan foydalanishi, ularning tuzog‘iga tushmaslik uchun nima qilish kerakligi borasida suhbatlashgan edi.