TOShKENT, 12 apr — Sputnik. O‘zbekistonda haq to‘lanadigan jamoat ishlariga majburiy ravishda jalb etganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilandi. Prezident 11-aprel kuni imzolagan qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi.
Haq to‘lanadigan jamoat ishlariga majburiy ravishda jalb etish huquqbuzarni ijtimoiy foydali jamoat ishlarini bajarishga majburiy ravishda jalb etishdan iborat bo‘lib, u sudlar tomonidan 8 soatdan 240 soatgacha bo‘lgan muddatga tayinlanadi.
Agar huquqbuzar o‘qiyotgan bo‘lsa, jamoat ishlari o‘qishdan bo‘sh vaqtda bajariladi.
Haq to‘lanadigan jamoat ishlari quyidagi shaxslarga nisbatan qo‘llanilmaydi:
- pensiya yoshiga yetgan shaxslarga;
- 18 yoshga to‘lmagan shaxslarga;
- homilador ayollarga;
- 3 yoshga to‘lmagan bolalari bor ayollarga;
- I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarga;
- doimiy ishga ega shaxslarga;
- harbiy xizmatchilarga.