TOShKENT, 11 apr — Sputnik. Xorijiy tillarni mukammal o‘rgangan texnikum bitiruvchilarini rivojlangan xorijiy davlatlarga ishga yuborish maqsad qilingan. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi axborot xizmati ma’lum qildi.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Ibrohim Abdurahmonov Toshkent shahridagi Abu Ali ibn Sino nomli Jamoat salomatligi texnikumida bo‘lib, o‘quv muassasasi faoliyati, ta’lim berish jarayonlari, xususan, o‘quvchilarga xorijiy tillarni o‘rgatish masalasi bilan tanishdi.
Suhbat davomida yoshlarning xorijiy tillarni o‘rganishga bo‘lgan ishtiyoqi yuqoriligi qayd etildi.
Hozirda ushbu texnikumda 2396 nafar o‘quvchi tibbiyot sohasida bilim olmoqda. Muassasa rahbariyati tomonidan o‘tkazilgan so‘rovnomaga ko‘ra, ulardan 1600 nafari xorijiy tillarni o‘rganish istagida.
Ta’kidlanishicha, texnikumda til o‘rganish layoqati yuqori va xorijda ishlash istagini bildirgan 60 nafar o‘quvchi uchun ingliz, nemis, koreys va rus tillarini o‘qitish bo‘yicha kurslar tashkil etilgan. Vazir xorijiy tilni bilish yuqori daromadli ish topishda juda muhimligi hamda xorijda ishlab O‘zbekistonga yangi tajriba bilan qaytish mumkinligini ta’kidladi.
Qayd etilishicha, xorijiy tillarni mukammal o‘rgangan texnikum bitiruvchilarini rivojlangan xorijiy davlatlarga ishga yuborish maqsad qilingan.