Qozog‘iston TIV rahbari Rossiyani ishonchli ittifoqchisi va asosiy hamkori deb atadi

Murat Nurtleu Qozog‘iston tashqi ishlari vaziri sifatida ilk xorijiy tashrifini Rossiyaga amalga oshirdi.
Sputnik
TOShKENT, 11 apr — Sputnik. Qozog‘iston bosh vaziri o‘rinbosari, tashqi ishlar vaziri Murat Nurtleu Rossiya respublikaning ishonchli ittifoqchisi va asosiy hamkori ekanini ma’lum qildi.
“Rossiya bizning ishonchli ittifoqchimiz va Yevroosiyo mintaqasidagi asosiy hamkorimiz bo‘ladi, shu bois Qozog‘iston Respublikasi tashqi ishlar vaziri sifatida o‘zimning ilk xorijiy safarimni Moskvaga amalga oshirish men uchun juda muhim edi”, - dedi Nurtleu Moskvada Rossiya TIV rahbari Sergey Lavrov bilan muzokaralar yakuni bo‘yicha o‘tkazilgan matbuot anjumanida. Uning so‘zlaridan RIA Novosti iqtibos keltirgan.
Qozog‘iston TIV rahbarining so‘zlariga ko‘ra, muzokaralar chog‘ida ikki tomonlama kun tartibidagi barcha dolzarb masalalar yuzasidan samarali fikr almashilgan. Qozog‘iston va Rossiya hamkorligini yanada rivojlantirish uchun katta salohiyat mavjudligi qayd etilgan.
“Muzokaralar yakunlari mamlakatlar o‘rtasidagi munosabatlar yaxshi qo‘shnichilik, do‘stlik va strategik sherikchilik ruhida izchil rivojlanib borayotganini ko‘rsatdi”, - deya qo‘shimcha qildi Nurtleu.
Murat Nurtleu 2023-yil 3-aprel kuni Qozog‘iston bosh vaziri o‘rinbosari, tashqi ishlar vaziri lavozimiga tayinlandi. U 2022-yil fevralidan buyon Qozog‘iston rahbari administratsiyasi rahbari sifatida ishlab kelayotgan edi. Respublika TIV rahbari lavozimiga tayinlangandan so‘ng ilk xorijiy tashrifini Rossiyaga amalga oshirdi.