TOShKENT, 11 apr — Sputnik. Ijtimoiy soha obyektlarining isitish tizimlari modernizatsiya qilinadi. Bu haqda Huquqiy axborot kanali xabar berdi.
“Ijtimoiy soha obyektlarining isitish tizimlarini davlat-xususiy sheriklik asosida modernizatsiya qilish to‘g‘risida”gi prezident qarori qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlaridagi 5 722 ta davlat ijtimoiy soha obyektining issiqlik ta’minoti tizimlari xususiy sektor ishtirokida modernizatsiya qilinadi.
2023 yilda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Qashqadaryo va Sirdaryo viloyatlarining barcha tuman (shahar)larida davlat ijtimoiy soha obyektlarida isitish tizimlarini davlat-xususiy sheriklik asosida modernizatsiya qilish ishlari boshlanadi.
1 iyungacha jalb qilingan loyiha institutlari ko‘magida tuman (shahar)lardagi ijtimoiy soha obyektlarining issiqlik ta’minoti tizimini modernizatsiya qilish loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilib, davlat ekspertizasidan o‘tkazilishi ta’minlanadi.
Bunda, loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish va davlat ekspertizasidan o‘tkazish xarajatlari hududlar mahalliy budjeti mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.
1 iyulgacha tuman (shahar)larda davlat-xususiy sheriklik asosida ijtimoiy soha obyektlarining issiqlik ta’minoti tizimini modernizatsiya qilish va boshqarish loyihalarining konsepsiyalari tasdiqlanadi.
1 avgustdan loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilgan va loyiha konsepsiyalari tasdiqlangan tuman (shahar)lardagi ijtimoiy soha obyektlarining issiqlik tizimlarini davlat-xususiy sheriklik asosida bosqichma-bosqich modernizatsiya qilish ishlari boshlanadi.
Ijtimoiy soha obyektlarida O‘zbekistonda 1-yil sinovdan muvaffaqiyatli o‘tgan va xizmat qilish kafolati kamida 15-yilni tashkil qiladigan qozonlar o‘rnatiladi.