Umurzoqov Rossiya elchisi bilan hamkorlik masalalarini muhokama qildi

Uchrashuvda poytaxt hokimligi Rossiya biznesining Toshkentdagi ishtiroki va rivojini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.
Sputnik
TOShKENT, 10 apr — Sputnik. Toshkent shahar hokimi vazifasini bajaruvchi Shavkat Umurzoqov Rossiyaning mamlakatdagi elchisi Oleg Malginov bilan uchrashdi. Bu haqda poytaxt hokimligi matbuot xizmati xabar qildi.
Umurzoqov O‘zbekiston va Rossiyaning hozirgi munosabatlari rivojlanishi sur’atlariga davlatlar rahbarlari Shavkat Mirziyoyev va Vladimir Putin tomonidan o‘rnatilgan samarali muloqot mustahkam zamin yaratganini ta’kidladi.
Shuningdek, poytaxt hokimligi Rossiya biznesining Toshkentdagi ishtiroki va rivojini qo‘llab-quvvatlashini, raqamlashtirish, turizm, ilm-fan, tibbiyot, ta’lim, madaniy-gumanitar sohalardagi barcha taklif va loyihalarni batafsil o‘rganishga tayyorligini bildirdi.
Malginov o‘zaro iqtisodiy, savdo, siyosiy va boshqa aloqalarning faol rivojlanishi jarayonida O‘zbekiston poytaxti bilan Rossiya hududlari o‘rtasidagi muloqotni jadallashtirish maqsadga muvofiqligini aytdi.
Energetik infratuzilmani yangilash va rivojlantirishda Rossiya korxonalarining qiziqishini alohida ta’kidladi. Bu yo‘nalishdagi hamkorlikni qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi.
Uchrashuv yakunida tomonlar 24-26 aprel kunlari Toshkentda bo‘lib o‘tadigan "Innoprom Markaziy Osiyo" xalqaro sanoat ko‘rgazmasi yuqorida qayd etilgan maqsadlar uchun qulay maydonga aylanishiga ishonch bildirishdi.