TOShKENT, 10 apr — Sputnik. “Tashabbusli budjet” jarayonlarining 2023-yil 1-mavsumida ishtirok etib, har biri 2 mingdan ortiq ovoz to‘plagan, lekin g‘olib deb topilmagan 1 309 ta loyihani amalga oshirish uchun qo‘shimcha 1,3 trln. so‘m mablag‘ ajratiladi. Iqtisodiyot va moliya vazirligi ma’lum qildi.
Bunda, qo‘shimcha 1 182 ta mahalla bo‘yicha 4,3 mln nafar fuqaro ovoz bergan loyihalar amaliyotga tatbiq etiladi.
Shuningdek, ta’lim, sog‘liqni saqlash, sport muassasalarini ta’mirlash va moddiy texnika bazasini rivojlantirish hamda boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha har biri 1,5 mingdan ortiq ovoz to‘plagan, lekin g‘olib bo‘lmagan loyihalar tahlili o‘tkazilib, 2024-yil uchun budjet so‘rovida ularni ta’mirlash, jihozlash va xarid qilish xarajatlarini ro‘yxatga kiritish ko‘zda tutiladi.
Natijada respublikadagi 164 ta maktab, 30 ta bog‘cha va 32 ta tibbiyot muassasalarida ta’mirlash, jihozlash va boshqa loyihalarda belgilangan ishlarni amalga oshirish uchun 304,6 mlrd so‘m qo‘shimcha mablag‘ ajratiladi.
Eslatib o‘tamiz, birinchi mavsumda “Open Budjet” portali orqali 33 680 ta tashabbusdan 1 666 tasi g‘olib deb topilgan edi.