TOShKENT, 10 apr — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev yaqin kunlarda Turkiyaning yangi Togg T10X elektromobilini qabul qilib oladi. Bu haqda Turkiya prezidenti Rajab Toyib Erdog‘an Istanbuldagi mitingda so‘zlagan nutqida ma’lum qildi.
“Togg allaqachon mamlakat yo‘llarida yuribdi. Ulardan birini mening inim, Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev qabul qildi. Ana shunday mashinalardan yana birini boshqa inim, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevga jo‘natamiz”, - dedi u.
Erdog‘anning qo‘shimcha qilishicha, yil davomida respublika fuqarolari uchun ushbu mashinalardan 20 ming dona ishlab chiqarish rejalashtirilgan.
T10X avtomobillari 14-mart kuni sotuvga chiqdi (oldindan buyurtma bo‘yicha). Zaradlashsiz 314 km masofaga ega standart versiya 923 ming turk lirasi (48,5 ming AQSh dollari), 523 km masofaga ega versiya 1,215 million turk lirasi (63,9 ming AQSh dollari) turadi. Ishlab chiqaruvchilarga ko‘ra, elektromobilni 80 foizga zaradlash 30 daqiqa vaqt oladi.
Togg kompaniyasi bosh direktori Gurjan Karakash zavodning ishlab chiqarish quvvati ishlab chiqarilayotgan avtomobillar sonini yiliga 175 ming donagacha oshirish imkonini berishini aytdi. Kelgusi 1,5 yil ichida ularni faqat ichki bozorda sotish, so‘ngra Germaniya, Fransiya va Yevropaning boshqa mamlakatlariga eksport qilish yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, Erdog‘an va uning rafiqasi Turkiyaning Togg elektromobilining ilk egalariga aylangan edi.