TOShKENT, 9 apr — Sputnik. Qozog‘istonda O‘zbekiston elchixonasi tomonidan 30-aprel kuni o‘tkaziladigan O‘zbekiston Konstitutsiyasiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha umumxalq referendumiga bag‘ishlangan tadbir o‘tkazildi. Bu haqda “Dunyo” AA xabar berdi.
Tadbir Qozog‘iston davlat yuridik universitetida tahsil olayotgan o‘zbekistonliklar ishtirokida o‘tkazilgan.
Ishtirokchilarga Konstitutsiyaviy qonun loyihasi bo‘yicha umumxalq muhokamalarida jami 222 715 ta takliflar kelib tushganligi va ular asosida loyiha takomillashtirilganligi, takliflarning har to‘rttasidan bittasi loyihadan joy olganligi bildirilgan.
Tadbir qatnashchilari kiritilayotgan o‘zgartirishlarga oid fikrlarini bildirishgan. Shuningdek, yuqoridagi kabi normalarning hayotga tatbiq etilishi bevosita barcha o‘zbekistonliklarning 30-aprel kuni bo‘lib o‘tadigan referendumdagi faolligiga bog‘liq ekanligi e’tirof etilgan.
Eslatib o‘tamiz, 30-aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartirishlar kiritish masalasi bo‘yicha referendum bo‘lib o‘tadi.