O‘zbekiston muzeylarida saqlanayotgan rus rassomlarning 10ta eng mashhur asarlari

Yorqin tasvirlar, professional darajada yaratilgan o‘ziga xos talqin va uslublardagi kartinalar inson dunyoqarashini boyitadi, ruhiyatiga estetik zavq bag‘ishlab, yangi fikrlar va hissotlar uyg‘otadi.
Sputnik
Rus rassomlarining O‘zbekiston muzeylarida saqlanayotgan 10ta eng mashhur asarlari. Ushbu kartinalarning barchasi asl nusxalar bo‘lib, ularni tomosha qilish uchun san’at ishqibozlari O‘zbekiston muzeylariga tashrif buyurishmoqda.
1 / 10

“Buva va nabira” (“Dedushka i vnuchek”)

Janrli rangtasvir ustasi, rus tanqidiy realizmining yorqin vakili Vasiliy Perov tomonidan 1871-yilda yaratilgan kartina. Hozirda O‘zbekiston davlat san’at muzeyida saqlanadi.

Maishiy janrdagi kartina o‘ta haqqoniy (realistik) va xonadon muhiti o‘zgacha muhabbatga to‘la. Garchi kulbada tartibsizlik hukmron bo‘lsa-da, buvaning nabirasiga ko‘rsatayotgan g‘amxo‘rligi kartina ruhiyatiga iliqlik bag‘ishlaydi.

2 / 10

“Ko‘k libosdagi xonim” (“Dama v golubom”) yoki “Filipsonda tug‘ilgan Varvara Grigoryevna Soldatonkova portreti” (“Portret Varvari Grigoryevni Soldatonkovoy, rojdonnoy Filipson”)

Rus sayyor rassomlar birodarligi (Tovarishestvo peredvijnix xudojestvennix vistavok) a’zosi, akademik Karl Gun tomonidan 1873-yilda yaratilgan portret. O‘zbekiston davlat san’ati muzeyining rus rassomlari ekspozitsiyasi mazkur kartina bilan boshlanadi.

Portretda Rossiya pochta xizmati vazirining og‘ir betob rafiqasi bor go‘zalligi bilan tasvirlangan. Orqa fonda badavlat xonadon muhiti, ayolning kiborlarga xos gavda holati, hashamatli liboslar uning hazin, xasta ruhiyatini berkita olmagan.

3 / 10

“Katolik ruhoniysi” (“Katolicheskiy prapovednik”)

Rus sayyor rassomlar birodarligi (Tovarishestvo peredvijnix xudojestvennix vistavok) a’zosi Konstantin Makovskiy tomonidan 1870-yili rus realizmi an’analari asosida yaratilgan portret. Hozirda O‘zbekiston Davlat san’at muzeyida saqlanadi.

Kartinada jo‘shqin nutq so‘zlayotgan (xutba o‘qib turgan) katolik ruhoniysi hashamdor libosda aks etgan.

4 / 10

“Juftlik portreti” (A.Bobrovskaya va E.Potexina) (“Dvoynoy portret”) (A.Bobrovskaya i E.Potexina)

Kumush asrning yorqin vakili Robert Falk tomonidan 1910-yilda yaratilgan. Kartina I.V.Saviskiy nomidagi Qoraqalpog‘iston davlat san’at muzeyining durdona asari sanaladi.

San’at asarida rassomning rafiqasi Yelizavetta Potexina va A.Bobrovskayaning juftlik portreti ifodalangan bo‘lib, rassom psixologik ta’sirchanlikka emas, balki asosan plastik va koloristik ifodaviylikka e’tibor qaratgan.

5 / 10

“Uylar” (“Doma”)

Avangard amazonkasi sifatida tanilgan Lyubov Popova tomonidan 1916 yaratilgan kartina, sezanizm, rus kubizmiga oid izlanishlarini namoyon etadi. Asar I.V.Saviskiy nomidagi Qoraqalpog‘iston davlat san’at muzeyining noyob asarlari qatorida turadi.

Manzarada tabiat va uylar tasviri rangtasvirona bo‘rtmalar va hajmli konstruksiyalarda ifodalangan. Muzeydagi kompozitsiyalar Lyubov Popovaning ushbu davrdagi ijodiga xos monoxromlik, rangni shaklga bo‘ysundirish istagi, shakl plastikasi modelirovkasiga oid ijodiy tajribalarini namoyon etadi.

6 / 10

“Bolakay” (“Portret malchika”)

Taniqli rus rassomi Orest Kiprenskiy tomonidan 1918-yilda yaratilgan portret. O‘zbekiston Davlat san’at muzeyida saqlanadi.

Kartinada bolakay portreti samimiy ichki olami, quvonch va qiziqishga to‘la ruhiy holatida tasvirlangan. Ushbu asar Orest Kiprenskiyning eng sara psixologik portretlari qatoriga kiradi.

7 / 10

“Kompozitsiya” (“Kompozitsiya”)

Abstraksionizm asoschisi Vasiliy Kandinskiy tomonidan 1920-yildayaratilgan kartina. O‘zbekiston Davlat san’at muzeyining rus avangardi ekspozitsiyasidan o‘rin olgan.

Kartinada xaosdan paydo bo‘layotgan hayot oqimi, musiqiy ritmga monand chiziq va ranglarga yuklatilgan hissiyot abstarkt (mavhum) shakllarda taqdim etilgan.

8 / 10

“Buqa” (“Bik”)

Avangard rassom Yevgeniy (Vasiliy) Lisenko tomonidan “Buqa” asari 1920-yilda yaratilgan. Hozirda I.V.Saviskiy nomidagi Qoraqalpog‘iston davlat san’at muzeyining o‘ziga xos emblemasiga aylangan.

Kartinadagi buqaning stilizatsiyadagi original talqini rus avangardining yorqin tajriba namunasi sanaladi. Qudrat va vayronkorlik ramzi sanalgan buqaning tubsiz tim qora ko‘zlari tomoshabin nigohini gipnozlaydi. Oval shakldagi ulkan shoh, dumning yakuniga birikkan olov rang shar buqadan chiqayotgan energiya ta’sirini yanada kuchaytiradi.

9 / 10

“Choyxonachi” (“Chayxanshik”)

Taniqli rus realist rassomi Aleksey Isupov tomonidan 1921-yilda yaratilgan. Kartina oriyentalizmning yorqin namunasi sanaladi. Hozirda I.V.Saviskiy nomidagi Qoraqalpog‘iston davlat san’at muzeyida saqlanadi.

Kartinada yoysimon ravoq ichida turib, patnis ko‘targan yosh choyxonachi yigit tasvirlangan. Asarda rus sanamnavisligi maktabi va Sharq dekorativizmi uyg‘unligidan iborat rassomning individual dastxati namoyon bo‘lgan.

10 / 10

“Kapital qiyofasi” (“Litso kapitala”)

Rus va Turkiston avangardining yetakchi vakili Mixail Kurzin tomonidan 1928-yilda yaratilgan. Hozirda I.V.Saviskiy nomidagi Qoraqalpog‘iston davlat san’at muzeyida saqlanadi.

Kartinada ishchi-dehqonlarning mehnati evaziga davlat orttirgan, ammo insoniy qiyofasini yo‘qotgan kuchli groteskdagi erkak va ayol obrazi ifodalangan. Ishning pastki qismi yo‘qotilgan bo‘lib, reproduksiyalarga ko‘ra ularning qo‘lida hashamatli uy, mashina va aeroplan maketini ko‘rish mumkin.