Ombudsman aralashuvi bilan 52 nafar mahkumga tayinlangan jazo yengilrog‘iga almashtirildi

Ombudsmanga kelib tushgan murojaatlar asosida 21 nafar mahkum insonparvarlik tamoyili asosida, yashash joyiga yaqin bo‘lgan hududdagi koloniyaga o‘tkazildi.
Sputnik
TOShKENT, 8 apr — Sputnik. O‘tgan yilning o‘zida 52 nafar mahkumga tayinlangan jazo yengilrog‘iga almashtirildi. Bu haqda Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili Feruza Eshmatova ma’lum qildi, deya xabar berdi Ombudsman matbuot kotibi Fotima Madraximova.
Qayd etilishicha, Ombudsmanga mahkum va mahbuslardan kelib tushgan shikoyat va arizalar o‘rganib chiqilishi natijasida prokuratura idoralari tomonidan jinoyat ishini qo‘zg‘atishni rad qilish haqidagi 43 ta qaror bekor qilindi. Qo‘shimcha surishtiruv va tergovga qadar tekshiruv o‘tkazish belgilandi.
Natijada:
21 ta murojaat bo‘yicha tegishli sudlar tomonidan 52 nafar mahkumga tayinlangan jazo yengilrog‘iga almashtirildi;
13 nafar ayblanuvchiga nisbatan tanlangan ehtiyot chorasi yengilrog‘iga o‘zgartirildi;
17 nafar mahkumning (mahbusning) oila a’zolariga moddiy va ijtimoiy ko‘mak berildi;
21 nafar mahkum insonparvarlik tamoyili asosida, yashash joyiga yaqin bo‘lgan hududdagi koloniyaga o‘tkazildi.
Shuningdek, 9 ta shikoyat yuzasidan 11 nafar xodimga nisbatan intizomiy ta’sir choralari qo‘llanilgan va 1 ta shikoyat yuzasidan 1 nafar xodim bilan mehnat shartnomasi bekor qilingan.
Prokuratura idoralari tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlarga ko‘ra, 3 nafar mahkumga qo‘llanilgan intizomiy ta’sir chorasi noqonuniy deb topilgan va bekor qilingan.
2 ta shikoyat yuzasidan prokuratura organlari tomonidan olib borilgan tergov harakatlari davomida ichki ishlar va sog‘liqni saqlash vazirliklari tizimlarining 2 nafar xodimlariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.