TOShKENT, 7 apr — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Rossiya Federatsiyasi Federal Majlisi Federatsiya Kengashi raisi Valentina Matviyenko bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi.
Muloqot davomida faol parlamentlararo almashinuvlarni davom ettirish va oliy darajadagi kelishuvlarni amalga oshirishda ishtirok etishning ahamiyati qayd etildi.
Suhbat avvalida davlat rahbari Valentina Matviyenkoni tavallud kuni bilan samimiy qutlab, unga mustahkam sog‘lik va baxt-saodat tiladi.
Ikki mamlakat parlamentlari o‘rtasidagi, shu jumladan xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar doirasidagi sermahsul hamkorlik jadallashib borayotgani, O‘zbekiston-Rossiya do‘stlik va keng ko‘lamli strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlashga xizmat qilayotgani mamnuniyat bilan ta’kidlandi.