Don bitimining Rossiyaga aloqador qismi umuman bajarilmayapti — Lavrov

Agar G‘arb "don bitimi"ga halol yondashmasa, biz buni Turkiya va Qatar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri hal qilamiz. G‘arb esa o‘ziga kerakli donni quruqlik orqali tashisin, dedi Lavrov.
Sputnik
TOShKENT, 7 apr – Sputnik. Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovning aytishicha, "Don bitimi"ning Rossiyaga aloqador qismi "umuman amalga oshirilmayapti", to‘siqlar saqlanib qolmoqda va hatto kuchaymoqda. Bu haqida Rossiya tashqi ishlar vaziri Anqarada jurnalistlarga ma’lum qildi. RIA Novosti xabariga asosan.

"Ushbu shartnomaning BMT va mamlakatimiz o‘rtasidagi maxsus memorandumda nazarda tutilgan Rossiya qismi umuman amalga oshirilmayapti. Ham turk do‘stlarimiz, ham ushbu paketning tashabbuskori janob (Antonio) Guterrish, BMT bosh kotibi, G‘arb davlatlariga tegishli chaqiriq va talablar bilan murojaat qilgan bo‘lsa-da, hammasi befoyda bo‘lmoqda. Rossiya mahsulotlari eksportini moliyalashtirish, logistika rasmiyatchiligi, sug‘urtalash yo‘lidagi to‘siqlar saqlanib qolmoqda va hatto yanada kuchaytirilmoqda”, - dedi vazir.

“Albatta, BMT Bosh kotibi tashabbusi bilan qabul qilingan qarorlar bloklangan sharoitda turkiyalik do‘stlarimiz bilan bu vaziyatning keyingi istiqbollarini muhokama qilamiz”, — deya qo‘shimcha qildi Lavrov.

“Agar ularda (G‘arbda – tahr.) janob Guterrish taklif qilgan va shunchalik qat’iyat bilan ilgari surgan bitimga halol yondashish istagi yo‘q bo‘lsa, Ukrainadan tegishli mahsulotlarni quruqlik, yo‘li orqali tashishda davom etsinlar. Temir yo‘l, daryo transporti orqali - ular allaqachon ishlaydigan logistika kanalini yaratgan. Biz esa buni Turkiya va Qatar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri hal qilish imkoniga egamiz”, - dedi Lavrov.

Uning ta’kidlashicha, Rossiyaning ushbu qarori oziq-ovqatga muhtoj mamlakatlar importiga ta’sir qilmaydi.
Eslatib o‘tamiz, 2022-yil 22-iyulda Rossiya, Turkiya, Ukraina va BMT vakillari tomonidan imzolangan "Don bitimi" Ukraina g‘allasini, oziq-ovqat va o‘g‘itlarini Qora dengiz orqali uchta portdan, jumladan, Odessadan eksport qilishni nazarda tutadi. Kema harakatini muvofiqlashtirish bilan Istanbuldagi Qo‘shma muvofiqlashtirish markazi shug‘ullanadi.
Avvalroq Rossiya prezidenti Vladimir Putin Rossiya g‘alla shartnomasining paketli xarakterini va uning to‘liq amalga oshirilishini talab qilishini, toki mahsulotlar Yevropaning badavlat mamlakatlariga emas, balki Afrikaga jo‘natilishini ta’kidlagan edi. Rossiyaning BMTdagi doimiy vakili Vasiliy Nebenzya avvalroq bosh kotibning gumanitar masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Martin Griffitsga yo‘llagan maktubida Rossiya Qora dengiz doniga oid tashabbusni 120 kunga emas 60 kunga – 2023-yil 18-mayga qadar uzaytirishga “qarshilik qilmasligini” ta’kidlagan edi.