Huquqni muhofaza qilish akademiyasida oliy ta’limga qabul qilish tartibi belgilandi

Akademiyada o‘qishga qabul “tergov faoliyati” bakalavriat ta’lim yo‘nalishi hamda yurisprudensiyaning boshqa bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha tashkil etiladi.
Sputnik
TOShKENT, 7 apr — Sputnik. 6 aprel kuni “Huquqni muhofaza qilish akademiyasida oliy ta’lim va oliy ta’limdan keyingi ta’limga qabul qilish va o‘qitish tartibini belgilash chora-tadbirlari to‘g‘risidagi” Hukumat qarori qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, Huquqni muhofaza qilish akademiyasi bakalavriatiga, magistraturasiga va oliy ta’limdan keyingi ta’limga qabul qilish va o‘qitishni tashkil etish tartibi to‘g‘risida nizomlar tasdiqlandi.
Akademiyada o‘qishga qabul “tergov faoliyati” bakalavriat ta’lim yo‘nalishi (ta’lim olish muddati 3-yil) hamda yurisprudensiyaning boshqa bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha tashkil etiladi.
Akademiyaga qabul qilishda hujjat topshirgan abituriyentlarning muayan toifalariga boshqa OTMga kirish uchun nazarda tutilgan imtiyozlar tatbiq etilmaydi.
O‘qitish davlat grantlari va to‘lov-kontrakt asosida tashkil etiladi.
“Tergov faoliyati” bo‘yicha bakalavriat bosqichiga nomzodlarni tanlash va o‘qishga qabul qilish uchun tanlov qabul yilining 1-fevraligacha (istisno tariqasida, 2023/2024 o‘quv yili uchun – 2023-yil 15-aprelgacha) e’lon qilinadi.
Shuningdek, Akademiya magistraturasiga qabul “Tergov faoliyati” mutaxassisligi va boshqa mutaxassisliklar bo‘yicha amalga oshiriladi.
O‘qish muddati, kunduzgi va kechki ta’lim shaklida – 1-yil, sirtqi va masofaviy ta’lim shaklida – 1,5 yildan 2-yilgacha etib belgilanadi.
O‘qishga kirish uchun hujjatlar har yili:
“tergov faoliyati” mutaxassisligi bo‘yicha – 10-maydan 10-iyungacha;
boshqa mutaxassisliklar bo‘yicha – 10-iyundan 31-iyulgacha qabul qilinadi.
“Tergov faoliyati” mutaxassisligi bo‘yicha magistraturaning kunduzgi shakliga o‘qishga qabul qilingan vakolatli davlat organlari xodimlari, shuningdek boshqa mutaxassisliklar bo‘yicha tasdiqlangan qabul parametrlari doirasida magistraturaning kunduzgi shakliga o‘qishga qabul qilingan ichki nomzodlar bepul o‘qitiladi.
Bundan tashqari, Akademiyada oliy ta’limdan keyingi ta’lim tayanch doktorantura, doktorantura va mustaqil izlanuvchilik shakllarida tashkil etiladi.
O‘zbekiston fuqarolarini oliy ta’limdan keyingi ta’lim institutiga qabul qilish quyidagicha amalga oshiriladi:
bepul tayanch doktorantura va doktorantura shaklida o‘qitish;
bepul va to‘lov-kontrakt asosida mustaqil tadqiqotchilik shaklida o‘qitish.
Hujjatlar Akademiya tomonidan 15-sentabrdan 15-oktabrgacha qabul qilinadi.