Akmal Mahmudaliyev Sirdaryo viloyati hokimi etib tasdiqlandi

Prezident Sirdaryo viloyati hokimi lavozimiga hokim vazifasini bajarib kelayotgan Akmal Mahmudaliyev nomzodini tavsiya etdi.
Sputnik
TOShKENT, 7 apr — Sputnik. Akmal Mahmudaliyev Sirdaryo viloyatiga hokimi etib tasdiqlandi. Uning nomzodi prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida o‘tayotgan Xalq deputatlari Sirdaryo viloyati Kengashi sessiyasida ma’qullandi, deb xabar berdi davlat rahbari matbuot kotibi.
Prezident Sirdaryo viloyati hokimi lavozimiga hokim vazifasini bajarib kelayotgan Akmal Azimjonovich Mahmudaliyev nomzodini tavsiya etdi.
Nomzod hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha rejalarini taqdimot qilgach, viloyat hokimini tayinlash masalasi ovozga qo‘yildi. Ovoz berish natijalariga ko‘ra, Akmal Mahmudaliyev viloyat hokimi etib tasdiqlandi.
Yig‘ilish davomida viloyatni yanada rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi, tumanlar hokimlarining rejalari tinglandi.
Ma’lumot uchun, Akmal Mahmudaliyev 1974-yilda Farg‘ona viloyatida tug‘ilgan. 1995-yilda Samarqand kooperativ instituti, 2005-yilda Toshkent kimyo-texnologiya instituti tamomlagan.
U ko‘p yillar davlat idoralarida o‘z faoliyatini olib borgan. Jumladan, Vazirlar Mahkamasi mas’ul xodimi, Farg‘ona viloyatining Uchko‘prik tumani hokimi, Navoiy viloyati hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida ishlagan.