Sirdaryoda agrologistika majmuasi quriladi

Xitoy tomoni Sirdaryo viloyatida agrologistika majmuasini qurish loyihasiga katta qiziqish bildirgan.
Sputnik
TOShKENT, 6 apr — Sputnik. Sirdaryo viloyatida agrologistika majmuasi quriladi. Bu haqda Qishloq xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Ta’kidlanishicha, 5-aprel kuni qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov Xitoyning “CITIC Construction” kompaniyasi boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari Yang Jiansan bilan videokonferensaloqa tarzida muloqot o‘tkazgan. Unda O‘zbekistonning Xitoydagi elchisi Farhod Arziyev, Sirdaryo viloyati hokimi Akmal Mahmudaliyev hamda vazirlik mas’ul xodimlari ishtirok etgan.
Muloqotda O‘zbekiston tomoni Sirdaryo viloyatining qulay geografik joylashuvi, xorijiy investorlar uchun mavjud imtiyoz va preferensiyalar haqida ma’lumot bergan. Shuningdek, Xitoy tomoni Sirdaryo viloyatida agrologistika majmuasini qurish loyihasiga katta qiziqish bildirgan.
Uchrashuvda Sirdaryo viloyatida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini saqlash, ularni qayta ishlash va eksportga yo‘naltirishni o‘z ichiga olgan agrologistika majmuasini barpo etish uchun investitsiya kiritish yuzasidan dastlabki kelishuvga erishilgan.
Tomonlar yaqin kunlar ichida Xitoy kompaniyasi ishchi guruhining O‘zbekistonga tashrifini tashkil etish hamda loyihani joyida o‘rganish masalalari yuzasidan ham fikr almashgan.