Samarqand — 2023

Samarqandda Markaziy Osiyo mamlakatlari va Rossiya TIV rahbarlari uchrashadi

Samarqandda Markaziy Osiyo davlatlari va Rossiya tashqi ishlar vazirlarining oltinchi uchrashuvi bo‘lib o‘tadi.
Sputnik
TOShKENT, 6 apr — Sputnik. Samarqand shahrida 14-aprel kuni Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi (MDH) Tashqi ishlar vazirlari kengashi (TIVK) yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi. Bu haqda O‘zbekiston TIV matbuot xizmati xabar berdi.
Yig‘ilishda O‘zbekiston, Armaniston, Belarus, Ozarbayjon, Rossiya, Tojikiston, Turkmaniston, Qirg‘iziston va Qozog‘iston delegatsiyalari hamda MDH Ijroiya qo‘mitasi ishtirok etishi kutilmoqda.
Unda xalqaro kun tartibi va MDH doirasidagi hamkorlikning dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashish, qo‘shma dasturlar ijrosi hamda MDH davlat rahbarlari kengashiga ko‘rib chiqishi uchun kiritiladigan hujjatlar loyihalari muhokamasi ko‘zda tutilgan.
Shu kuni Samarqandda Markaziy Osiyo davlatlari va Rossiya tashqi ishlar vazirlarining oltinchi uchrashuvi bo‘lib o‘tadi.
Bundan tashqari, 13-aprel kuni bu yerda Afg‘onistonga qo‘shni davlatlar tashqi ishlar vazirlarining uchrashuvi bo‘lib o‘tadi. O‘zbekiston, Eron, Pokiston, Rossiya, Tojikiston, Turkmaniston va Xitoy tashqi ishlar vazirlari Afg‘onistondagi mavjud vaziyatni ko‘rib chiqadilar.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya TIV rasmiy vakili Mariya Zaxarova vazir Sergey Lavrov Samarqanddagi yig‘ilishlarda ishtirok etishini tasdiqlagan edi.

Mavzuga oid:

Samarqandda Afg‘oniston masalasi muhokama qilinadi
Tojikiston tashqi ishlar vaziri O‘zbekistonga keladi