Ayrim fuqarolarga qator tovar xaridi uchun to‘langan QQS qaytariladi

1 maydan O‘zbekistonda go‘sht, tuxum va o‘simlik yog‘i xarid qilgan ijtimoiy reyestrga kirgan aholiga QQS qaytariladi
Sputnik
TOShKENT, 6 apr — Sputnik. O‘zbekistonda ayrim tovarlarni xarid qilgan ijtimoiy reyestrga kirgan aholiga qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS) qaytariladi. Bu prezidentning “2023 yilda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarish, qayta ishlashni kengaytirish va qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida ko‘zda tutilgan.
Qarorga ko‘ra, 2023-yil 1-maydan “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kiritilgan jismoniy shaxslar quyidagi ro‘yxatga muvofiq tovarlarning chakana savdo obyektlarida xaridini amalga oshirganda xarid summasining 1 foiz miqdoridagi to‘lov o‘rniga, xarid summasida to‘langan QQS summasi qaytariladi.
“Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kiritilgan jismoniy shaxslar tomonidan sotib olinganda qo‘shilgan qiymat solig‘i summasi qaytarib beriladigan ayrim turdagi oziq-ovqat mahsulotlari ro‘yxati:
qo‘y go‘shti;
parranda go‘shti;
mol go‘shti;
tuxum;
o‘simlik yog‘i.