TOShKENT, 6 apr — Sputnik. Bugun Qamchiq dovonida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasi oqibatida bir kishi halok bo‘ldi. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi ma’lum qildi.
Xabarga ko‘ra, bugun soat 11:10 da “Toshkent-O‘sh” xalqaro avtomobil yo‘lining 259-kilometrida Qamchiq dovoniga o‘tuvchi yo‘lda yuk mashinasi va uchta yengil avtomobil ishtirokida YTH sodir bo‘ldi.
To‘qnashuv natijasida lak-bo‘yoq mahsulotlarini olib ketayotgan yuk mashinasi yonib ketgan.
Qamchiq dovoni
© Favqulodda vaziyatlar vazirligi
Favqulodda vaziyatlar vazirligining yong‘in-qutqaruv guruhlari zudlik bilan voqea joyiga yetib borib, 25 daqiqa ichida yong‘inni o‘chirishdi.
Hodisa natijasida 6 kishi jabrlangan, ular eng yaqin tibbiyot muassasasiga yotqizilgan. Yong‘in to‘liq o‘chirilgandan so‘ng yuk mashinasining haydovchisi vafot etgani ma’lum bo‘ldi.