TOShKENT, 6 apr — Sputnik. Aprel o‘rtalari va may boshlarida issiqxonalardagi pomidorlar g‘arq pishadi, bu uning bozorlarda ko‘payishiga va narxlarning barqarorlashiga olib keladi. Bu haqda Qishloq xo‘jaligida xizmatlar ko‘rsatish agentligi loyiha ofisi rahbari Begzod Salimov ma’lum qildi.
Ta’kidlanishicha, joriy yil yanvar oyida O‘zbekistonda kuzatilgan keskin sovuq ta’sirida issiqxonalarada yetishtirilayotgan pomidor hosilining pishib yetilishi va sotuvga chiqishi biroz kechikkan.
“Ya’ni, odatda ushbu mavsumda pomidor issiqxonalarda 90 kunda pishib yetilsa, bu yil ushbu muddat 120 kunga cho‘zilmoqda. Bu esa pomidorning bozorlarda biroz kamligiga va narxining yuqori bo‘lishiga sabab bo‘ldi. Mana hozirda issiqxonalarda pomidor hosillari pishib yetilmoqda. Aprelning o‘rtalari va mayning boshlarida esa issiqxonalardagi pomidorlar g‘arq pishadi va bu uning bozorlarda ko‘payishiga va narxlarning barqarorlashiga olib keladi”, - deydi Salimov.
Avvalroq joriy yilning 17-martidan 24-martigacha qizil dumaloq issiqxona pomidorining o‘rtacha ulgurji narxi 28 ming so‘mdan 36 ming so‘m/kg ga oshgani aytilgandi.