TOShKENT, 6 apr — Sputnik. O‘zbekistonda oilaviy zo‘ravonlik uchun jinoiy javobgarlik joriy etiladi. Senatning o‘ttiz to‘qqizinchi yalpi majlisida tegishli qonun ko‘rib chiqilib, qabul qilindi.
Senatorlarning ta’kidlashicha, qonun bugungi kunda xotin-qizlarga nisbatan sodir etilayotgan turli xil zo‘ravonlik holatlariga nisbatan qat’iy jazo choralarini belgilash bilan bir qatorda bunday salbiy holatlarning oldini olishga qaratilgan.
“Qonun bilan “oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik” ya’ni xotiniga yoki eriga, sobiq xotiniga yoxud sobiq eriga, bir ro‘zg‘or asosida birgalikda yashayotgan shaxsga yoki umumiy farzandga ega bo‘lgan shaxsga nisbatan sodir etilgan zo‘rovonlik uchun tegishincha ma’muriy hamda jinoiy javobgarlik choralari belgilanmoqda”, - deyilgan xabarda.
Avvalroq bu qonunni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi ma’qullagan edi. Endi Senat qabul qilgan qonunni prezident imzolasa, u qonuniy kuchga kiradi.