Aholining uy-joy bilan ta’minlanganlik darajasi oshdi – prezident

Oxirgi uch yilda 210 ming oilaga 33 trillion so‘mlik ipoteka kreditlari ajratilgan.
Sputnik
TOShKENT, 5 apr — Sputnik. So‘nggi olti yilda O‘zbekiston aholisi 5,5 million nafarga o‘sgan, 2017-yildan buyon 326 mingta yangi uy-joy foydalanishga topshirilgan. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilayotgan 2023-yilgi ipoteka dasturi muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilishda ta’kidlandi.
Qayd etilishicha, bu davrda uy-joy bilan ta’minlanganlik darajasi aholi jon boshiga 18 foizga oshgan.
Oxirgi uch yilda 210 ming oilaga 33 trillion so‘mlik ipoteka kreditlari ajratilgan, ehtiyojmand 73 ming oilaga boshlang‘ich badal va foiz to‘lovlari uchun 1,3 trillion so‘m subsidiya berilgan.
Sohaga bozor tamoyillari joriy qilinib, yuzlab xususiy buyurtmachi kompaniyalar shakllangan. Seysmik xavfsiz va energiya tejamkor yig‘ma temir-betonli ko‘p qavatli uylarni qurish bo‘yicha 11 ta yirik klaster paydo bo‘lgan.