Referendum — 2023

Referendumda MDHdan ishtirok etuvchi xalqaro kuzatuvchilar akkreditatsiyadan o‘tkazildi

Markaziy saylov komissiyasi MDH dan 20 ga yaqin kuzatuvchilarni akkreditatsiyadan o‘tkazdi.
Sputnik
TOShKENT, 5 apr — Sputnik. Referendumda Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligidan (MDH) ishtirok etuvchi 20 ga yaqin xalqaro kuzatuvchilar akkreditatsiyadan o‘tkazildi. Bu haqda Markaziy saylov komissiyasi (MSK) doimiy a’zosi Gulnoza Rahimova Sputnik muxbiriga ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, MSK O‘zbekiston Respublikasining referendumini kuzatishda ishtirok etish uchun bir qator xalqaro tashkilotlarga taklifnomalar yuborgan..

“Odatda kengaytirilgan tarkibda ishtirok etadigan xalqaro kuzatuvchilar missiyalaridan biri bu MDH Ijroiya qo‘mitasi va MDH Parlamentlararo Assambleyasi vakillari ham referendumni kuzatish uchun taklif etildi”, - deydi Rahimova.

MDH Kuzatuvchilari missiyalari tarkibiga MDHga a’zo davlatlarning qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va saylov organlari, shuningdek, MDH hududida faoliyat yurituvchi Hamdo‘stlik organlari va integratsiya birlashmalari vakillaridan iborat xalqaro kuzatuvchilar kirishi mumkin.
MDH kuzatuvchilari missiyalari tomonidan referendum milliy qonunchiligiga va referendum o‘tkazuvchi davlatning xalqaro majburiyatlariga muvofiqligi to‘g‘risida bayonotlar tayyorlanadi.
Shuningdek, Markaziy saylov komissiya tomonidan xorijiy davlatlar saylov organlariga, xorijiy siyosiy va jamoat arboblariga, ilmiy jamoatchilik vakillariga referendumni kuzatishda ishtirok etish uchun ham taklifnomalar yuborildi.
Bugungi kungacha MSK tomonidan 26 nafar xalqaro kuzatuvchilar akkreditatsiyadan o‘tkazildi. Tashqi ishlar vazirligi tomonidan referendumni kuzatishi uchun 26 nafar halqaro kuzatuvchilarni akkreditatsiya qilish bo‘yicha taqdimnomalar kiritildi.

Unga ko‘ra, Markaziy saylov komissiyasi MDH Ijroiya qo‘mitasi referendumni kuzatish bo‘yicha missiyasidan 8 nafar, MDH Parlamentlararo Assambleyasining referendumni kuzatish bo‘yicha missiyasidan 10 nafar kuzatuvchilarni akkreditatsiyadan o‘tkazdi.

Shuningdek:
Gruziya Markaziy saylov komissiyasidan - 3 nafar;
Ozarbayjon Markaziy saylov komissiyasidan - 2 nafar;
Indoneziya va Niderlandiya davlatlaridan bir nafardan kuzatuvchilar ham akkreditatsiyadan o‘tkazildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston referendumida ovoz berish bulletenining shakli tasdiqlangani xabar qilingan edi. 30-aprel kuni respublika Konstitutsiyasiga o‘zgartirishlar kiritish masalasi bo‘yicha referendum bo‘lib o‘tadi.