TOShKENT, 5 apr — Sputnik. Qo‘qon pedagogika instituti qizlar yashaydigan talabalar turar joyi xonalaridan biriga kuzatuv kamerasi o‘rnatilgani aniqlandi. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi axborot xizmati ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, Qo‘qon pedagogika instituti talaba qizlaridan biri vazirlik rasmiy telegram kanalining muloqot botida qizlar yashaydigan talabalar turar joyi xonalaridan biriga kuzatuv kamerasi yashirincha o‘rnatilgani haqida xabar qoldirgan.
“Vazirlik axborot xizmati shikoyat qilgan qiz bilan suhbatlashgach, vazirlikning Farg‘ona hududiy boshqarmasi mas’ullari tomonidan Qo‘qon pedagogika institutiga borib, vaziyat o‘rganildi. O‘rganish natijasida darhaqiqat qizlarning xonasiga videokamera o‘rnatilgani aniqlangan”, - deyiladi xabarda.
Vazirlikning ma’lum qilishicha, ushbu voqea yuzasidan xizmat tekshiruvi o‘tkaziladi va aybdorlarga nisbatan tegishli choralar ko‘riladi.