Advokatlik litsenziyasini olishda 2-yillik ish staji talabi bekor qilinishi kutilmoqda

Umumiy hisobda har 7,6 ming aholiga bitta advokat to‘g‘ri kelmoqda.
Sputnik
TOShKENT, 5 apr — Sputnik. Advokatlik litsenziyasini olishda yuridik mutaxassislik bo‘yicha 2-yillik ish staji talabi bekor qilinadi. Bu haqda Qonunchilik palatasi matbuot xizmati Sputnik muxbiriga ma’lum qildi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida Advokatura to‘g‘risidagi qonunga o‘zgartish kiritish haqidagi qonun loyihasi ko‘rib chiqildi.
Qayd etilishicha, hozirda O‘zbekistonda 4 625 nafar advokat faoliyat yuritmoqda. Shundan 30 yoshgacha bo‘lganlari soni atigi 51 nafar, 50 yoshdan oshgan advokatlar soni esa 2 619 nafarni tashkil qilmoqda.
Umumiy hisobda har 7,6 ming aholiga bitta advokat to‘g‘ri kelmoqda.

“Mazkur qonun loyihasi bilan advokatlik faoliyati bilan shug‘ullanish huquqini beruvchi litsenziyani olish uchun yuridik mutaxassislik bo‘yicha kamida ikki yillik ish stajiga ega bo‘lish talabi bekor qilinmoqda”, - deyiladi xabarda.

Amaldagi “Advokatura to‘g‘risida”gi qonunning 3-1-moddasiga ko‘ra, litsenziya olish uchun advokat maqomiga ega bo‘lishga talabgor shaxs yuridik mutaxassislik bo‘yicha kamida ikki yillik ish stajiga ega bo‘lishi, shu jumladan, advokatlik tuzilmasida kamida uch oy muddat stajirovka o‘tagan bo‘lishi kerak hamda malaka imtihonini topshirishi shart.
Deputatlarning aytishicha, oliy ta’lim tashkilotlari bitiruvchi huquqshunoslari orasida advokatura sohasiga bo‘lgan qiziqishning oshishi, sohada kadrlar almashinuvi jarayonlari sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilishiga xizmat qiladi.
Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi.
Ma’lumot uchun, advokaturaga ishga qabul qilish tartibini yanada soddalashtirish vazifasi “2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturida ham belgilangan. Shuningdek, advokaturaning konstitutsiyaviy-huquqiy institut sifatidagi maqomini yanada oshirish yangi tahrirdagi Konstitutsiyada ham nazarda tutilmoqda. Xususan, hujjatga advokatura faoliyatiyaga doir alohida bob kiritilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Hukumatning 5-avgustdagi 452-son qarori bilan Advokatlik faoliyatini maxsus elektron tizim orqali litsenziyalash tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlangan edi.
Talabgor litsenziya olish uchun arizani "Litsenziya" AT yoki YaIDXP (my.gov.uz) orqali elektron yuboradi. Arizalar har kuni, dam olish va bayram kunlaridan qat’i nazar, 24 soat davomida yuborilishi mumkin.
Qolaversa, deputatlar advokatlik tuzilmalarini qo‘shimcha qiymat solig‘i to‘lovchilariga aylantirishni ko‘zda tutuvchi normaga qat’iy e’tiroz bildirishganidan so‘ng, advokatlar ko‘rsatadigan yuridik yordamning qiymati oshirilmaydigan bo‘ldi.