Misr professori “Boburnoma”ning arab tiliga tarjimasini O‘zbekistonga topshirdi

Ushbu asarni tarjima qilishdan maqsad Bobur merosini dunyoga targ‘ib qilish - deydi tarjimon.
Sputnik
TOShKENT, 4 apr — Sputnik. Arab tiliga tarjima qilingan “Boburnoma” asarining elektron nusxasi O‘zbekistonning Misrdagi elchixonasiga topshirildi. Bu haqda “Dunyo” AA xabar bermoqda.
Xabar aytilishiga ko‘ra, “Ayn Shams” universiteti professori Magida Maxluf tomonidan tarjima qilingan asarning elektron nusxasini topshirish marosimida tarjimonning shaxsan o‘zi ishtirok etgan va “Boburnoma”ni arab tiliga o‘girish g‘oyasi haqida so‘zlab berdi.

“O‘zbek xalqining buyuk farzandi Zahiriddin Muhammad Bobur qoldirgan nodir meros to‘g‘risida butun dunyo ko‘proq bilishi uchun o‘z hissamni qo‘shish men uchun sharaf”, - deydi tarjimon.

Shuningdek, Magida Maxluf ushbu asarni kutubxonalar, universitet va arab tilida mutolaa qilishni istagan o‘zbekistonliklar uchun qulay imkoniyat yaratish maqsadida ham ushbu tarjimani o‘zbek xalqiga sovg‘a qilishga rozi bo‘lgan.
“Boburnoma” asari professor Magida Maxluf tomonidan arab tiliga tarjima qilingan va 2014-yilda Qohiradagi “Arab ufqlari” noshirlik uyida chop etilgan.