TOShKENT, 3 apr — Sputnik. Rossiya prezidenti Vladimir Putin Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi (MDH) davlatlarining harbiy xizmatchilarini pensiya bilan ta’minlash to‘g‘risidagi bitimni denonsatsiya qilish (shartnomadan chiqish) to‘g‘risidagi qonunni imzoladi. RIA Novosti xabariga asosan.
Bundan oldin e’lon qilingan tushuntirish xatiga ko‘ra, ushbu bitim MDH harbiy xizmatchilari xizmat qilgan barcha yillar uchun ayni damda yashayotgan davlatidan to‘liq pensiya olish huquqini beradi. Rossiya Federatsiyasida harbiylar pensiyalari miqdori eng yuqori bo‘lgani sababli MDHning boshqa davlatlarida yashayotgan harbiy pensionerlarning Rossiyaga qalbaki migratsiyasi kuzatilmoqda. Oqibatda amalda xorijiy davlatlar harbiylariga Rossiya budjetidan nafaqa to‘lanmoqda.
Qonunda alohida qayd etilishiga ko‘ra, Rossiya Federatsiyasi hududida xizmat qilgan harbiylar qaysi davlatda yashamasin, pensiyalarini to‘liq olishda davom etadi.
Ma’lumot uchun, ushbu shartnoma MDH davlatlari a’zolari orasida 1992-yilning 15-mayida Toshkent shahrida imzolangan edi. Unga ko‘ra, Hamdo‘stlikka a’zo davlatlarning harbiy xizmatchilari va ularning oila a’zolarini pensiya bilan ta’minlash hamda harbiy xizmatchilarni davlat sug‘urtasi bilan ta’minlash tartibi belgilangan. Shuningdek, shartnoma MDH Chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchilari, ularning oila a’zolarini pensiya bilan ta’minlash va sug‘urtalashni ham nazarda tutadi.