Erdog‘an uning eshiklari AQShning Turkiyadagi elchisi uchun yopiqligini aytdi

AQSh elchisining muxolifat nomzodi bilan uchrashgani Erdog‘anni g‘azablantirgan.
Sputnik
TOShKENT, 3 apr — Sputnik. Turkiya prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an endi uning eshiklari AQShning Anqaradagi elchisi Jeff Fleyk uchun yopiqligini ma’lum qildi. Bunga diplomatning asosiy muxolifat Respublika xalq partiyasidan prezidentlikka nomzod Kemal Qilichdaro‘g‘li bilan uchrashgani sabab bo‘lgan.

"Baydenning (AQSh prezidenti Jo Bayden) elchisi bu yerda nima qilyapti? Borib Kemal beyni ziyorat qilmoqda. Uyat, ozroq kallangni ishlat. Sen elchisan. Sening bu yerdagi suhbatdoshing — prezident. Bundan keyin qay yuz bilan prezident bilan uchrashishni so‘raysan? Bizning eshiklarimiz u uchun yopildi, endi u kira olmaydi. Nega? Haddini bilsin”, - deya Erdog‘an so‘zlarini keltirgan “Star” gazetasi.

Turkiyadagi prezident va parlament saylovlari 14-may kuni bo‘lib o‘tishi kutilmoqda. Unda amaldagi prezident Erdog‘anga muxolifat partiyalarning yagona nomzodi Qilichdaro‘g‘li asosiy raqib bo‘ladi. Turkiyadagi avvalgi prezident saylovi 2018-yil 24-iyunda bo‘lib o‘tgandi. Saylovchilarning 52,6 foiz ovozi olgan Erdog‘an unda g‘olib bo‘lgandi.