Samarqandda "elektrichka" qatnovi yo‘lga qo‘yiladi

Samarqand shahrida yil oxriga qadar jamoat transporti xizmatida qator o‘zgarishlar bo‘lishi kutilmoqda. Unga ko‘ra, ayrim viloyatlardan keladigan jamoat transportlari shahar ichiga kiritilmaydi, jamoat transporti uchun yangi tariflar menyusi ishlab chiqiladi.
Sputnik
TOShKENT, 1 apr — Sputnik. Samarqandda "elektrichka" qatnovi yo‘lga qo‘yiladi. Elektropoyezd “Juma-Samarqand-Bulung‘ur” yo‘nalishida harakatlanishi rejalashtirilmoqda, deya xabar berdi Zarnews.
Xalq deputatlari viloyat Kengashining 82-sessiyasida viloyat transport boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Jo‘rabek Qorjovov transport va yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirish bosh rejasining taqdimotini o‘tkazdi.
Unga ko‘ra, elektrichka – zamonaviy jamoat transporti yoqilg‘i taqchilligi yoki boshqa tabiiy holatlarga qaramasdan shahar atrofidan qatnovchilar uchun qulaylik bo‘ladi.
U qatnaydigan yo‘nalishida 7 ta - Farhod shaharchasi, Aeroport, Fotima Qosimova, Chortut, Charxin, Iskandariy va To‘qboy mahallalarida oraliq bekatlar quriladi.
Bosh rejaga asosan, "Samarqand", "Shohi Zinda" va "Siyob" avtostansiyalari faoliyati to‘xtatiladi. Bu yerlarga qatnaydigan yo‘nalishlarning oxirgi bekati Cho‘pon ota avtovokzali bo‘ladi.
Ya’ni, Bulung‘ur, Jomboy tumanlari va shu bilan birga qo‘shni viloyatlardan kelayotgan jamoat transportlari shahar ichiga kirmaydi. Ular yangi qurilayotgan avtovokzalda barcha yo‘lovchilarini tushiradi, avtobus va marshrutka, yengil avtomobillar shu yerdan yo‘lovchi oladi.
Rejaga ko‘ra, yil oxirigacha, tumanlardan kirib keluvchi magistral yo‘llarda 3 ta avtoturargoh quriladi.
Tumanlarning so‘nggi bekatlari quyidagilarda joylashtiriladi:
M-37 Samarqand halqa yo‘lining Samarqand tumani Parrandachilik fabrikasi (“Selskiy krug”);
M-37 Samarqand halqa yo‘lining Qunduzso‘fi mahallasi (“Motrid krug”);
M-39 Samrqand halqa yo‘lining Chumchuqli mahallasi (“Betonka krug”).
Shaharning bir nuqtasidan ikkinchi nuqtaga yetib olishda jamoat transportidan foydalanishni qulaylashtirish uchun 27 kilometr jamoat transporti uchun alohida yo‘laklar tashkil etiladi.
Shuningdek, 10 ta magistral va 33 ta yetkazib beruvchi jamoat transporti yo‘nalishlari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.
Yana bir yangilik, jamoat transporti uchun yangi tariflar menyusi ishlab chiqiladi. Unga ko‘ra, talaba, o‘quvchi, pensioner, nogiron, oddiy yo‘lovchilarga alohida va differensial tariflar joriy qilinadi.
Bundan tashqari, Samarqand shahrida 119 ta bekat quriladi va 158 ta oraliq bekatlar rekonstruksiya qilinadi. Bekatlar yo‘lovchilarga zarur bo‘lgan barcha ma’lumotlarni real vaqt rejimida elektron taqdim etuvchi monitorlar bilan jihozlanadi.
Mavjud 26 ta ko‘cha, Samarqand halqa yo‘li va Universitet xiyoboniga 78 dona huquqbuzarliklarni qayd etuvchi kuzatuv kameralari o‘rnatiladi. Shuningdek, 94, 28 kilometr velosiped yo‘laklari quriladi.