Bugundan Rossiya bir oy muddatga BMT Xavfsizlik Kengashiga raislik qiladi

Rossiya birinchi apreldan boshlab bir oy muddatga BMT Xavfsizlik Kengashiga raislik qiladi.
Sputnik
TOShKENT, 1 apr — Sputnik. Bugundan Rossiya bir oy muddatga BMT Xavfsizlik Kengashiga raislik qiladi, hozir muhokama qilinadigan asosiy mavzulardan biri "samarali ko‘p tomonlama munosabatlar", qurol eksportidagi xavflar, Yaqin Sharqdagi kelishuv bo‘ladi. Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov qator yig‘ilishlarda Xavfsizlik kengashiga raislik qiladi, deya xabar berdi RIA Novosti.
Avvalroq Rossiya Federatsiyasining BMTdagi doimiy vakili Vasiliy Nebenzya ta’kidlaganidek, aprel oyida Ukraina bo‘yicha Xavfsizlik kengashining rasmiy yig‘ilishi rejalashtirilmagan. Biroq, Ukraina masalalari bo‘yicha uchrashuvlar hali ham o‘tkazilishi ehtimoli katta.
Taxminan 6-aprel kuni BMT Xavfsizlik kengashining norasmiy yig‘ilishida bolalarni maxsus harbiy operatsiya zonasidan evakuatsiya qilish masalasi muhokama qilinishi kutilmoqda.
Moskva yig‘ilish ishtirokchilarini voyaga yetmaganlarni Ukraina tomonidan o‘qqa tutilishidan himoya qilish, bolalarga qarshi boshqa jinoyatlarning oldini olish va ularni xavfsiz hududlarga joylashtirish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar haqida xabardor qilishni rejalashtirmoqda.
10 aprel kuni Xavfsizlik kengashining harbiy mahsulotlar eksportini tartibga solish bo‘yicha kelishuvlarning buzilishi natijasida yuzaga keladigan xavflar mavzusiga bag‘ishlangan yig‘ilishi o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Rossiya Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Mariya Zaxarovaning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya hozirgi sharoitda harbiy ta’minotda yakuniy foydalanuvchi deb ataladigan davlat uchun shartnoma majburiyatlariga rioya qilmaslik oqibatlarini tahlil qilishni zarur deb hisoblaydi.Bunday buzg‘unchi qadamlarga qarshi kurashish yo‘llari haqida ham so‘z boradi.
Xavfsizlik Kengashi - BMTning doimiy tuzilmasi bo‘lib, unga xalqaro tinchlik va xavfsizlikni saqlash uchun asosiy mas’uliyat yuklangan. Hozirda Xavfsizlik Kengashiga 15 ta davlat a’zo: 5 ta doimiy va 10 ta vaqtincha. Doimiyga - Rossiya, AQSh, Buyuk Britaniya, Xitoy va Fransiya kiradi. Har oyda Xavfsizlik Kengashiga raislik bir mamlakatdan boshqasiga o‘tkaziladi.