TOShKENT, 31 mar — Sputnik. Toshkent viloyatida O‘zbekiston va Xitoy hamkorligida yangi zavod qurilishi boshlandi. Bu haqda viloyat hokimligi xabar berdi.
“Angren” erkin iqtisodiy zonasining Ohangaron tumani “Angren-1” blokida Xitoyning “Hua Tao Cermic Group” xorijiy korxonasi tomonidan keramik plitkalar va xom-ashyo ishlab chiqarishga mo‘ljallangan yangi zavod qurilishi boshlandi.
Loyiha qiymati umumiy qiymati 30 mln dollarga teng. U 3 bosqichda amalga oshiriladi.
“Angren” erkin iqtisodiy zonasi
© Toshkent viloyati hokimligi
Unga ko‘ra, 2024-yil oxiriga borib, yiliga quvvati 6 mln metr kvadrat keramik plitkalar ishlab chiqarilishi yo‘lga qo‘yiladi. Shuningdek, plitalar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish darajasini to‘liq o‘zlashtirish maqsadida, korxonaning o‘zida fritta, glazur, printerlar uchun bo‘yoqlar hamda metall qoliplar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.
"Korxonaning to‘liq ishga tushirilishi natijasida 350 ta yangi ish o‘rinlari yaratiladi. 2026-yilga borib, korxonadi 360 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilishi va shundan 11 mln dollarlik qismi eksportga yo‘naltirilishi belgilangan", - deyiladi xabarda.
Shuningdek, mahalliy davlat budjetiga 3 mlrd so‘mlik soliq tushumlari kelib tushadi. Korxonada ishlab chiqarilgan yuqori sifatli mahsulotlar ichki bozor va eksportga “Made in Uzbekistan” tamg‘asi ostida yetkazib beriladi.
Ma’lumot uchun, ayni paytda tumanda umumiy qiymati 2 mlrd dollarga teng bo‘lgan 75 ta loyiha amalga oshirilmoqda.