Mirziyoyev Xorazm viloyatining yangi hokimiga qanday vazifalar topshirdi?

Xorazm viloyatiga qo‘shimcha 400 milliard so‘m ajratiladi. Shuningdek, viloyat ishsizlikdan xoli hududga aylantiriladi.
Sputnik
TOShKENT, 31 mar — Sputnik. Prezident Shavkat Mirziyoyev Xorazm viloyatining yangi hokimi Jo‘rabek Rahimovga bir qator vazifalar topshirdi, deya xabar berdi davlat rahbari matbuot xizmati.
Urganchda Shavkat Mirziyoyev ishtirokida Xalq deputatlari Xorazm viloyati Kengashi sessiyasi o‘tkazildi. Unda Jo‘rabek Rahimovning rejalari tinglandi.
Jo‘rabek Rahimov viloyatda tadbirkorlik, sanoat, qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, aholiga munosib turmush sharoiti yaratish bo‘yicha rejalarini taqdimot qildi.
Prezident aytilgan takliflarni ma’qullab, ular yuzasidan mutasaddilarga ko‘rsatmalar berdi.
Oilaviy tadbirkorlik
Oilaviy tadbirkorlik dasturlari uchun berilgan 940 milliard so‘mga qo‘shimcha 100 milliard so‘m yo‘naltirilishi belgilandi.
Yangi tadbirkorlik subyektlarini tashkil qilish orqali 57 ming, kasanachilikda salohiyati bor 240 ta mahallada mehnat qurollari va joy masalasini hal qilib, 50 ming, o‘zini-o‘zi band qilish orqali 28 ming aholi bandligini ta’minlash mumkinligi aytildi.
Oziq-ovqat mahsulotlari
Ikkinchi muhim vazifa – oziq-ovqat mahsulotlari balansini ta’minlash. Shu maqsadda “Toshsoqa tizimidagi magistral sug‘orish kanalini tiklash” loyihasining ikkinchi bosqichi boshlanadi.
Bog‘ot, Shovot va Yangibozor tumanlaridagi 2 ming gektarda uzum, olma va qovun plantatsiyalari, Gurlan va Bog‘otda agrologistika markazlari tashkil etiladi. Parrandachilik, chorvachilik, sutni qayta ishlash loyihalari amalga oshiriladi.
Ma’lumki, har bir tumanga kamida 50 million dollar investitsiya jalb qilish vazifasi qo‘yilgan.
Viloyat hokimligiga nomzod buning evaziga tumanlarda qanday loyihalar mo‘ljallangani haqida axborot berdi.
Davlat rahbari 14 ta yirik sanoat loyihasi infratuzilmasi uchun qo‘shimcha 100 milliard so‘m yo‘naltirish, Urganchda elektrotexnika va farmatsevtika sanoat parklari tashkil qilish bo‘yicha ko‘rsatma berdi.
Shuningdek, 20 million dollar investitsiya evaziga “Damas” va “Labo” avtomashinalarini ishlab chiqarish hajmini oshirish vazifasi qo‘yildi. Bu orqali 300 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.
Sanoat korxonalari va uy-joylarni elektr energiyasi bilan ta’minlash chora-tadbirlari ham belgilandi.
Prezident maktablarda sanitariya holatini yaxshilash, chet tili va kasbga o‘rgatish xonalarini tashkil qilish hamda 12 ta tumanda IT park ochish tashabbusini qo‘llab-quvvatladi.
Umuman olganda, Xorazmda ijtimoiy muammolarni hal qilishga bu yilgi davlat dasturlarida ko‘zda tutilgan 1,5 trillion so‘mga qo‘shimcha 400 milliard so‘m ajratilishi ma’lum qilindi. Bundan tashqari, agrar soha, ichimlik suvi va tadbirkorlik loyihalariga qo‘shimcha 475 million dollar jalb qilish bo‘yicha topshiriq berildi.
Barcha chora-tadbirlar orqali 365 ming aholini daromadli mehnat bilan ta’minlab, Xorazmni ishsizlikdan xoli hududga aylantirish vazifasi qo‘yildi.