Maktab bitiruvchilari uchun namunaviy imtihon materiallari e’lon qilindi

Imtihon materiallariga umumta’lim maktablari o‘quvchilari uchun kreativ va mantiqiy fikrlashga yo‘naltirilgan topshiriqlar kiritilgan.
Sputnik
TOShKENT, 31 mar — Sputnik. Maktablarning 9-11 sinf o‘quvchilari uchun 7 tildagi namunaviy imtihon materiallari e’lon qilindi. Bu haqda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi xabar berdi.
Respublika ta’lim markazi 2022-2023 o‘quv yillarda o‘quvchilarni barcha fanlardan davlat yakuniy attestatsiyasidan o‘tkazish uchun imtihon biletlari, metodik tavsiyalar va o‘quv materiallarini ishlab chiqdi.
Imtihon materiallarini ishlab chiqishda umumta’lim maktablari o‘quvchilari uchun kreativ va mantiqiy fikrlashga yo‘naltirilgan topshiriqlar kiritilgan.

“Imtihonlar belgilangan muddatda shaffof, adolatli va xolis o‘tkazilishi uchun barcha zaruriy choralar ko‘riladi”, - deyiladi xabarda.

Imtihon materiallari bilan Respublika ta’lim markazining metodik xizmatining rasmiy Telegram-kanali orqali tanishish mumkin.
Eslatib o‘tamiz, may va iyun oylarida maktab o‘quvchilarining yakuniy nazorat imtihonlari bo‘lib o‘tadi. Jumladan, 9- va 11-sinflar uchun yakuniy (bitiruv) nazorat imtihonlari joriy yilning 26-mayidan 15-iyuniga qadar tashkil etiladi.